BMT G‘azoda zudlik bilan otashkesim o‘rnatilishiga chaqirdi

Image copyright EPA
Image caption Na Isroil, na G‘azo BMT chaqirig‘ini hush qarshi oldi

BMT Xavfsizlik Kengashi G‘azoda "zudlik bilan va hech qanday shartlarsiz otashkesim" e‘lon qilinishiga chaqirgan.

Favqulodda o‘tkazilgan majlisda chiqarilgan bayonotda musulmonlarning Iyd al-Fitr bayrami chog‘ida va undan keyin ham yarashuv davom etishiga chaqiriladi.

BMTdagi ham Falastin va ham Isroil elchilari turli sabablar bilan mazkur bayonotni tanqid qildilar.

BMT bayonotida "fuqarolar va insonparvarlik inshootlari, xususan BMT inshootlari, hurmat qilinishi va himoya qilinishi" lozimligi aytiladi.

U, shuningdek, G‘azo bo‘lgasidagi oddiy falastinlilarga zudlik bilan oziq-ovqat va tibbiy yordamlari berilishi zaruratini ko‘zda tutadi.

Image copyright Reuters
Image caption Hujumlarda mingdan oshiq g‘azolik nobud bo‘lgan

Falastinning BMTdagi elchisi Riyad Mansur bayonot yetarlicha qat‘iy bo‘lmaganini aytdi va Isroil G‘azodan qo‘shinlarini olib chiqishini talab qiluvchi alohida rezolyutsiya lozimligini urg‘uladi.

"Bu kabi rezolyutsiya allaqachon qabul qilinishi kerak edi, tajovuz qoralanishi va bu tajovuz zudlik bilan to‘xtatilishiga chaqiriqlar chiqarilishi kerak edi", - deb aytdi janob Mansur.

Isroil nomidan gapirgan elchi Ron Prosor esa Xavfsizlik Kengashini bir tomonning yonini olishda aybladi.

"Mo‘‘jizaga qarang, bayonotda Hamas umuman tilga olinmagan. Raketalar otilishi ham tilga olinmagan", - dedi Isroilning BMTdagi elchisi.

Isroil va Hamas o‘rtasidagi qisqa otashkesim tufayli G‘azo o‘tgan tunda nisbatan tinch bo‘lgan.

Dushanba tongida Isroil armiyasi Isroil janubidagi hududga bir raketa kelib tushganini xabar qildi. Isroil tarafi bunga javoban o‘t ochgan.

Bir necha hafta davom etgan qonli ziddiyatda aksari oddiy odamlar bo‘lgan 1030 falastinlik, 43 isroillik askar, ikki isroilliy oddiy fuqaro va bir Tayland fuqarosi halok bo‘lgan.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002

Your contact details
Disclaimer