Navalny: "Hayit nishonlaydiganlarga qarshi viza kiritaylik"

Image copyright navalniy.com

Rossiyaning bosh muxolifatchisi Aleksey Navalny Iyd al-Fitr munosabati bilan Rossiya ko‘chalarida o‘qilayotgan namozni mamlakatdagi migratsiya sohasining inqirozidan nishona ekanini aytdi.

Shaxsiy saytida dushanba kuni chop qilgan maqolasida u Rossiya ko‘chalarida Ramazon Hayitining nishonlanishi tobora oddiy holga aylanib borayotganini aytadi va endi Moskva ahli yo Rossiya fuqarolari bir-birini Iyd al-Fitr bilan tabriklashlarini piching bilan tavsiya qiladi.

"Men ham barcha musulmonlarni Iyd al-Fitr bilan tabriklayman, va Rossiyaning an‘anaviy musulmonlari (tatarlar, boshqirlar, dog‘istonliklar va hokazo) Moskva ko‘chalaridagi bu kabi qiliqlar migratsiya siyosatining inqirozidan dalolat beradi degan fikrimga qo‘shilishlariga umid qilaman. Dindorligi bilan ajralib turmaydigan yirik shaharga xorijdan bu kabi dindor aholining oqib kelishi yaxshi va sog‘lom narsa emas", - deb yozadi u.

Image copyright Reuters
Image caption Navalny muhojirlarga qarshi kurashni asosiy dasturlaridan biri etib qabul qilgan

Janob Navalnyga ko‘ra, musulmon davlatlaridan hozirda vizasiz Rossiyaga kelayotgan muhojirlarga qarshi viza tizimini kiritish kerak.

Uning aytishicha, Markaziy Osiyo va Qofqoz respublikalariga nisbatan viza tizimini kiritish yo‘lida ovozlar yig‘ilmoqda, va shu kungacha ovoz berganlarning aksari bu g‘oyani qo‘llab-quvvatlaydi.

"Bu qanchalik yovvoyi ko‘rinmasin, bu tashabbus hali jiddiy darajada ko‘rib chiqilmagan. Keling, 100 mingta ovoz yig‘aylik va Rossiya hukumatiga yana bir bor bu masalani eslataylik", - deydi u.

Uning aytishicha, butun Rossiya Ukrainadagi banderachilardan qo‘rqib qolgan, lekin aslida banderachilar "yiroqda, mana bu esa biz bilan abadiy qolayapti".

Rossiya hukumat idoralaridagi korruptsiyaga qarshi kurashi bilan nom chiqargan faol Aleksey Navalny 2013 yilda Moskva hokimligi saylovlarida 27% ovoz bilan ikkinchi o‘rinni egallagandi.

O‘zini millatchi-demokrat deya targ‘ib qiluvchi faolning siyosiy platformasi muhojirlarga qarshi cheklovlarni kiritish takliflari va chaqiriqlari yuqori o‘rinni egallaydi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002

Your contact details
Disclaimer