"MN17 halokatida shaxsan Putin aybdor"

Image copyright RIA Novosti
Image caption Ovro‘po Ittifoqi Vladimir Putinning eng ishongan amaldorlarini jazolamoqda

"Sharqiy Ukrainada Malayziya yo‘lovchi uchog‘i urib tushirilishi uchun shaxsan Vladimir Putin va Rossiya aybdor".

Oq Uy vakili Josh Ernest Vashingtonda matbuot vakillariga qarata bu borada aytarkan, AQSh josuslik xizmatlari olib borgan tadqiqotlar natijasida ana shunday xulosaga kelinganini urg‘uladi.

Rossiya vakillari esa "ayblovlar asossiz va AQSh bizni yomonotliq qilmoqda", deb 300 nafarga yaqin inson umriga zomin bo‘lgan Malayziya uchog‘i halokatiga o‘z aloqalari borligini rad etishmoqda.

G‘arbning ishonishicha, sharqiy Ukrainadagi bo‘lginchi jangarilar Rossiyada ishlab chiqarilgan va Moskva bergan maxsus qurilma hamda qurollarni ishga solib, ushbu uchoqni urib tushirganlar.

Ayni damda, Ovro‘po Ittifoqi Rossiya va Ukrainadan 15 nafar mulozim va 18 tashkilotga qarshi qaratilgan jazo choralarini e‘lon qildi.

Ularning barchasi Ukraina hududiy yaxlitligiga daxl qilgan shaxs hamda tashkilotlar sifatida ta‘riflanmoqda.

Jazo choralari Rossiyadagi eng yuqori martabali bir necha mulozimni qamrab olmoqda.

Image copyright AP
Image caption Malayziya uchog‘ini rossiyaparast jangarilar urib tushirgani aytilmoqda

Ular orasida, xususan, FSB rahbari Aleksandr Bortnikov, Tashqi Josuslik Xizmati boshlig‘i Mixail Fradkov, Xavfsizlik Kengashi kotibi Nikolay Patrushev va Checheniston prezidenti Ramzan Qodirov nomlari bor.

Ushbu ro‘yxatdagi shaxslarning endi Ovro‘po Ittifoqi hududiga kirishi taqiqlanadi. Agar birontasi Ovro‘po banklariga pul qo‘ygan bo‘lsa, mablag‘lari ham muzlatiladi.

Shu asno Ovro‘po Ittifoqi "qora ro‘yxati"ga tushgan rossiyalik shaxslar soni 100 nafardan oshib qoldi.

Nega bosh josuslar?

Rossiya Federal Xavfsizlik (FSB) va Tashqi Josuslik xizmatlari rahbarlari hamda Xavfsizlik Kengashi rahbarlariga nisbatan kiritgan o‘z jazo choralari sabablari Ovro‘po Ittifoqi batafsil izohlagan.

Xususan, bu shaxslar "Ukraina mustaqilligi, hududiy yaxlitligi va suverenitetiga xavf soladigan Rossiya hukumati siyosatini ishlab chiqishda ishtirok etishgan" deyiladi.

"Qora ro‘yxat"ga tushgan boshqa bir siyosatchi - Duma deputati Mixail Degtyarev Ukraina sharqidagi bo‘lginchilar o‘zlaricha e‘lon qilib olgan "Donetsk Respublikasi"ning Moskvada elchixonasini ochishni taklif qilgandi.

Checheniston prezidenti Ramzan Qodirov esa Kremlning "Qrimni ozod qilgani uchun" medali bilan taqdirlangani sabablai jazo choralariga yuz tutmoqda.

Image caption Chechenistonning moskvaparast prezidenti Ramzan Qodirov ham G‘arb "qora ro‘yxati"da

Bundan tashqari, Ramzan Qodirov 74 ming nafar chechen yigitini Ukrainaga jo‘natib, u yerdagi rossiyaparast bo‘lginchilarga yordam berishi haqida e‘lon qilgandi.

Jazo choralari qo‘llanilgan Ukraina mulozimlari esa Kiyevga qarshi chiqib, mamlakat sharqida rossiyaparast bo‘lginchilikni boshqargan hamda o‘z holicha "xalq respublikalari" e‘lon qilib olgan shaxslardir.

Yangi "respublikalar" ham jazolanadi

Jazo choralari, shuningdek, rossiyaparastlar e‘lon qilib olgan Donetsk va Lugansk kabi bo‘lginchi respublikalarga ham qarshi qaratilgan.

Shu qatorda "Lugansk Gvardiyasi", "Janubiy-Sharq Armiya", "Donbass Xalq ko‘ngillilari" va "Sharq" kabi rossiyaparast jangari guruhlar ham Ovro‘po Ittifoqi "qora ro‘yxati"ga tushgan.

Sevastopol va Kerchen dengiz bandargohlari, qator sanatoriy va zavodlar ham Ukraina mulkiga daxl qilgani uchun jazolanadi.

Rossiya rus millatiga mansub bo‘lginchi jangarilariga og‘ir va murakkab qurollar berganini yoki boshqa amaliy jihatdan ularni qo‘llayotgani haqidagi fikrlarni rad etadi.

Biroq bu jangarilar rahbarlari Rossiyadan qurol olishgani haqida ziddiyatli xabarlar tarqatishgan.

Yakkalangan Rossiya

Image copyright Getty
Image caption Putin yakkalanib qolgan - hech bir sobiq Sovet davlati uni ochiq qo‘llamayapti

Ayni damda xalqaro doirada Rossiya tobora yakkalanib va ihotalanib qolmoqda. Sobiq Sovet hududlaridagi hech bir davlat rasman va ochiqdan-ochiq Kremlni qo‘llayotgani yo‘q.

"Narigi tarafda AQSh va Ovro‘po hamda qator boshqa davlatlar birlashishgan" - deydi Tojikistondan siyosatchi Suhrob Sharipov.

"Lekin Rossiyani hech bir sobiq Sovet davlati, hatto, eng yaqin ittifoqchilari bo‘lgan Belarus va Qozog‘iston ham qo‘llamayapti".

Aksincha, Qrimning Rossiyaga qo‘shib olinishi va Sharqiy Ukrainadagi voqealar Qozog‘istonni xavotirga sola boshlagan.

Negaki, Qozog‘iston aholisining uchdan bir qismiga yaqini ruslar yo rusiyzabonlar bo‘lib, ular Rossiyaga chegarador shimoliy mintaqalarda ancha zich yashashadi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002