Ukraina: Uchoq qulagan joyda janglar shiddatli tus olgan

Image copyright EPA
Image caption Isyonchilar qo‘lidagi Gorlovka shahrini armiya o‘rab olgan

Ukraina sharqidagi harbiy amaliyotlar Malayziya uchog‘i qulagan hududga yaqinlashgan. Janglar shiddatli tus olishi tufayli gollandiyalik tergovchilar va politsiyachilar ikkinchi kundirki uchoq qulagan joyga yeta olmay, Donetskka qaytishga majbur bo‘lganlar.

BBC muhbiri Tom Barrij xabar qilishicha, ukrain qo‘shinlarining asosiy maqsadi - strategik jihatdan muhim bo‘lgan ikki yo‘lni egallab olish. Ukraina qo‘mondonligi aynan mana shu yo‘llar orqali bo‘lginchilarga Rossiyadan qurollar yetkazib berilayotganiga ishonadi.

Dushanba kuni ertalab ukrain qo‘shinlari Lugansk va Donetsk viloyatlarining Rossiyaning Rostov viloyati bilan chegarasidagi Saur-Mogila qo‘rg‘oni ustidan nazoratni qayta qo‘lga olishga muvaffaq bo‘lganlarini xabar qilganlar.

Ularning aytishicha, Rossiyaparast bo‘lginchilar Ukraina armiyasini mana shu tepalikdan o‘qqa tutganlar.

Qo‘shinlar Donetsk viloyatining Shaxtyor va Torez shaharlari, hamda Lugansk viloyatining Lutugino shaharlariga kirishga muvaffaq bo‘lganlar.

Interfaks-Ukraina agentligiga ko‘ra, Ukraina qo‘shinlari Gorlovka shahri atrofiga joylashib olganlar va uni "ozod qilish"ga shaylanmoqdalar.

Ayni damda Gollandiya Bosh Vaziri Mark Ryutte MH17 uchog‘i qulagan joyga xalqaro harbiy missiyani yo‘llash rejalarini "norealistik" deya tasvirlagan.

Janob Ryuttega ko‘ra, harbiy ekspertlar bilan suhbatlar ortidan, bu kabi qadam shundoq ham xavfli vaziyatni qizdirishi mumkinligi xulosa qilingan.

Avvalroq Gollandiya hukumati qulagan uchoqning qolgan qurbonlari jasadlarini qidirish va tergov ishlarini olib borish uchun 40 nafar qurolli politsiyachilarni Ukraina sharqiga yuborish niyati haqida bildirgandi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002

Your contact details
Disclaimer