AQSh O‘zbekistonda "qullikni" tekshiradi

Image copyright fergananews.com
Image caption O‘zbekistonda bolalar o‘rnida endi muallim va shifokorlar dalaga haydalmoqda

"AQSh vakillari O‘zbekistonda majburiy mehnat hamon davom etayaptimi, degan savolga javob izlashmoqda".

Toshkentda AQSh Mehnat vazirligi vakillari bilan uchrashgan o‘zbekistonlik inson huquqlari faollari ayni hay‘at maqsadini ana shunday ifodaladi.

"Hay‘at vakillari O‘zbekistonda bolalarni paxta ishlariga majburlash davom etayotgani haqidagi hisobotni ko‘rsatishdi" - deydi uchrashuvda bo‘lgan inson huquqlari faoli Yelena Urlayeva - "Endi ular bu hisobotni Paxta Kampaniyasiga jo‘natishmoqchi".

Suhbatdoshimizga ko‘ra, amerikalik mulozimlar hozir ayrim viloyatlarga borib, paxtazorlarda kimlar ishlayotganini tekshirishmoqchi.

O‘zbek faollarining aytishicha, bolalarga oid ahvol biroz yaxshilangan, ammo boshqa jabhada vaziyat yomonlashib ketmoqda. Xususan, yoz payti o‘qituvchi va shifokorlar o‘toq hamda yagana ishlariga, kuzda esa paxta terimiga majburlanmoqda.

"Hozir shifokor, o‘qituvchi va tujjorlar majburan dala ishlariga haydalmoqda" - davom etadi Urlayeva xonim - "Maktabda o‘qituvchi, kasalxonada shifokor yetishmay, bolalar bilimsiz, kasallar tibbiy yordamsiz qolishadi".

"Odam topib berolmasang, kerak bo‘lsa, hokimlar rayono mudirlari yo direktorlarni kaltaklashadi ham" - deydi ismini aytishni istamagan bir muallim.

"Ko‘z o‘ngimda kattalar bir mudirni urib, peshonasini qonatishgan".

Talabani kuzda sanang

Image caption O‘zbek hukumati qishloq xo‘jaligini isloh etmagani bois paxta yetishtirish sharoiti o‘tgan asrdan ham yomonroq

Ayni damda, kollej talabalari ham kuzda paxta terishga majbur qilinadi. Biroq eng yoshi 14-15 yashar bu o‘quvchilar xalqaro andazalar va O‘zbekiston qonunlari bo‘yicha ham bola sanaladi.

"Kollej bolalarini paxtaga jalb etishni to‘xtatish borasida ham ishlash kerak" - deydi Yelena Urlayeva.

AQSh vakillari O‘zbekistondagi ahvolni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rishlarini aytisharkan, ayrimlar bu uchun nega yoz mavsumi tanlanganini tushunishmaydi.

"Ha, haqiqiy ahvolni ko‘rmoqchi bo‘lishsa, sentyabr yo oktyabrda kelishmaydimi?" - savol qo‘yadi qashqadaryolik faol Gulshan Qorayeva.

"Hozir talaba va o‘quvchilar ta‘tilda bo‘lsa, kuz kelishi bilan ularni paxta terishga majburlashadi. Ana o‘shanda kelib, aylanib, haqiqiy ahvolni o‘rganishsa bo‘lmasmikan?"

Biroq hozir ham katta yoshli davlat idoralari xodimlari majburan dala ishlarida ishlatilmoqda. Faollarga ko‘ra, bu deyarli barcha viloyatlarda kuzatiladi.

"Norozilik paydo bo‘lmoqda. Mana yaqinda Farg‘onadan shifokor va muallimlar norozilik izhor qilish uchun Toshkentga kelishdi" - deydi Yelena Urlayeva - "Ular o‘z sohalari bo‘yicha ishlashni istashlarini, paxta terish uchun uzoq yillar o‘qishmaganini aytishayapti".

Qullik ko‘rinishi

Biroq bu kabi odamlar soni o‘ta kam va O‘zbekiston hukumati norozilik bildirgan shaxslarni turli yo‘llar bilang jazolash orqali qo‘rqitib keladi.

Paxta dalasida ishlashdan bosh tortganlar esa ishini yo‘qotib qo‘yish va yo undan ham og‘irroq jazolar qo‘llanishidan qo‘rqishadi.

Sovet davridan davom etib kelayotgan bu tajribani aksar o‘zbeklar odatiy holat, deb qabul qilishlarini aytadiganlar ham bor.

Image caption Xalqaro Quldorlik Ko‘rsatkichiga muvofiq, kuz payti O‘zbekiston davlati dunyoning ikkinchi ashaddiy quldoriga aylanadi

Masalan, O‘zbekiston hukumati o‘ta yosh bolalarni paxta ishlariga majburlash tajribasini so‘nggi ikki yilgacha keng qo‘llab kelgan va bunga qarshi chiqqanlar juda kam bo‘lgan.

Ammo xalqaro bosimlar ostida ko‘plab yirik shirkatlar quldek mehnat evaziga keladigan O‘zbekiston paxtasini boykot qila boshlashgach, hukumat ahvolni biroz yaxshilashga urindi.

Lekin endi paxtani yagana qilish va terish kabi ishlarga davlat idoralari xodimlari, xususan, o‘qituvchi va shifokorlar majburlanmoqda.

Xalqaro Quldorlik Ko‘rsatkichi tashkiloti esa odamlarni bu taxlit ishlatish tajribasini quldorlikka tenglashtiradi.

"Paxta terimi mavsumida O‘zbekiston hukumati qullik mehnati joriy etish bo‘yicha dunyoda ikkinchi o‘ringa chiqib oladi va bu o‘rinda O‘zbekistondan oldinda faqatgina Afrikadagi Mavrtiniya turadi" - eslatiladi tashkilotning so‘nggi hisobotida.

Eshagidan tushovi...

Kuzatuvchilarga ko‘ra, ko‘p suvtalab va mehnattalab paxta narxi uning tannarxi, ya‘ni paxtani yetishtirish uchun ketgan sarf-xarajatni qoplamaydi. Shu bois hukumati uni arzon yo tekin mehnat evaziga terib olishni istaydi.

O‘zbekistonda suv yetishmay, yerlar jadal sho‘rlanib va sahrolashib ketayotgan hozirgidek holatda ham hukumat qishloq xo‘jaligini isloh etmasdan, eskicha usulda paxta yetishtirishni davom ettirmoqda.

Mutaxassislarga ko‘ra, agar O‘zbekiston paxtani kamaytirib, o‘rniga meva-cheva eksa, ham bir necha barobar ko‘proq suvni tejardi, ham dehqon-fermerlar boyirdi.

Image copyright
Image caption "Oq oltin"dan o‘zbek dehqoni kosasi oqarmadi...

"Paxta narxi ba‘zida pomidor bahosiga teng bo‘lib qoladi. Paxta yetishtirishga qancha mehnat va mablag‘ ketadiyu, pomidorga qancha?" - degandi iqtisodchi va ishbilarmon Anvar Husaynov BBC bilan suhbatida.

Qator mutaxassislarga ko‘ra, O‘zbekiston hukumati arzon bo‘lsa-da, naqd valyuta to‘laydigan tayyor xaridorga ega paxtadan voz kecholmayapti.

Lekin Stalin davridan qolgan majburlash usullarini qishloq xo‘jaligida qo‘llayotgan O‘zbekistonning iqtisodi bu turishda qanchalik rivojlanadi yoki suv zaxiralari kamayib, mamlakatda sahrolashish kuchayotgan sharoitda ushbu usullarni qachongacha tutib turish mumkin - noma‘lum.

Ayni damda, mamlakatdagi bola mehnatiga oid ahvol biroz yaxshilanganini ta‘kidlayotgan ayrim faollar AQSh siyosatchilari tashrifidan ancha umidvor.

"Har holda so‘nggi yillari bolalar masalasida ijobiy o‘zgarishlar bo‘ldi, zora majburiy mehnat butunlay tugatilsa..."

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002