"Jahon Kubogi o‘yinlari Rossiyada o‘tkazilmasligi kerak"

Image copyright none

Britaniya Bosh vaziri o‘rinbosari Nik Kleggning aytishicha, Ukraina sharqida yuz bergan uchoq halokati bo‘yicha joriy etiladigan jazo choralari bir qismi o‘laroq Rossiya 2018 yilgi futbol bo‘yicha Jahon Kubogi musobaqalariga mezbonlik qilish huquqidan mahrum qilinishi kerak.

Buyuk Britaniyalik siyosatchi bu haqda "Sandi Tayms" (Sunday Times) gazetasiga gapirarkan, Rossiyaning futbol bayramiga mezbon qilishi "xayolga keltirib bo‘lmas" deb aytgan.

Ukraina sharqidagi rossiyaparast jangarilar "Malayziya havo yo‘llari" uchog‘ini urib tushirganlikda ayblanadi. Rossiya tomoni esa, bu Ukraina harbiylarining ishi bo‘lishi mumkinligini da‘vo qiladi.

FIFA - Xalqaro Futbol Uyushmalari Federatsiyasi 2018 yilgi o‘yinlar mezbonini o‘zgartirish chaqiriqlarini rad etgan.

Olmoniya ba‘zi siyosatchilari ham Rossiyani boykot qilishga chaqirishgan, biroq FIFA 2018 yilgi musobaqa "yaxshilikka" xizmat qilishi mumkinligini aytgan.

MH17 reysi bilan Amsterdamdan Kuala-Lumpurga uchayotgan "Boing 777" samolyoti 17 iyul kuni Ukraina sharqiga qulab tushgan va bortidagi 298 insonning barchasi nobud bo‘lgandi.

G‘arb davlatlari Rossiyani uchoqni urib tushirganlikda ayblanayotgan isyonkorlarni qurollantirishda ayblaydi. Moskva esa, ayblovlarni rad etadi.

Juma kuni Ovro‘po Ittifoqi bo‘lginchilik harakatlariga aloqador ko‘rilgan rossiyaliklarni nishonga olgan navbatdagi jazo choralarini e‘lon qildi.

Dunyo sahnasidagi obro‘

Image copyright none

Janob Klegg Rossiyaga bosim o‘tkazish uchun qator choralar ko‘rilishi kerakligini, futbol bo‘yicha Jahon Kubogi musobaqalarini Rossiyada o‘tkazmaslik tahdidi "juda kuchli va ramziy jazo" bo‘lishini aytgan.

"Agar Vladimir Putin qayg‘urishi mumkin bo‘lgan birgina narsa bo‘lsa, bu uning o‘z obro‘sidir", deya qo‘shimcha qilgan Britaniya Bosh vaziri o‘rinbosari Nik Klegg.

"Agar dunyoni nazar pisand qilmasang, dunyodagi nufuzingni o‘ziday saqlab qololmaysan deb eslatish kerakdir, balki shu uning fikriga ta‘sir qila olar", deb aytgan Britaniyadagi Liberal-Demokratik partiya rahbari.

Dauning Strit voiziga ko‘ra, bosh vazir "biz zudlik bilan boykot qilishimiz kerak, deb ishonmaydi", ammo "Rossiyaning oxirgi paytdagi o‘zini tutishi bois, odamlarning bu masalani ko‘tarayotganlari hayratlanarli emas", deb aytgan.

"Bu xalqaro doiradagi o‘rniga bundan ham ko‘proq putur yetmasidan oldin Rossiya o‘z yo‘nalishini o‘zgartirishi muhimligini ko‘rsatadi", deydi voiz.

Bunday chaqiriqlarga javoban chiqargan bayonotida FIFA Jahon Kubogi "odamlar va hukumatlar o‘rtasidagi amaliy muloqotlar uchun, ijobiy ijtimoiy rivojlanishlarga xizmat qiluvchi kuchli katalizator" bo‘lishi mumkinligini aytgan.

Diplomatik til

Image copyright none
Image caption Bosh vazir Kamerun Klegg janoblarining chaqirig‘ini qo‘llab-quvvatlaydimi yo‘qmi hali qorong‘u

Ammo, janob Klegg fikricha, agar dunyo rahbarlari Prezident Putin tomonidan hech bir o‘zgarishlar bo‘lmay turib, Jahon Kubogi o‘yinlarining Rossiyada o‘tishiga qo‘yib berishsa, "o‘ta kuchsiz va munofiq"qa o‘xshab qoladilar.

Nik Klegga ko‘ra, "u doimiy ravishda... xalqaro hamjamiyatning toqatini toq qiladigan darajaga olib kela turib, qo‘shni mamlakatni beqarorlashtirib, Ukraina sharqidagi qurolli bo‘lginchilarni muhofaza qilib" turgan bir paytda 2018 yilgi Jahon Kubogi musobaqalariga mezbonlik qilishdek sharafga ega bo‘lmasligi kerak.

Janob Klegg oktyabrga mo‘ljallangan Gran-Pri poygalari ham Rossiyada o‘tkazmaslik lozimligini aytgan. Biroq, Formula-1 rahbari Berni Ekklstoun rejaga muvofiq ish tutishini bildirgan.

Ayni paytda Klegg janoblari 2018 yilgi Jahon Kubogi o‘yinlari uchun Britaniya muqobil mezbon bo‘lishi ehtimolini nazardan soqit qilmagan. U mamlakatda talab qilingan stadionlar, infratuzilma va "ishtiyoq" borligini bildirgan.

Image copyright Getty
Image caption Joriy yilgi musobaqalarga Braziliya mezbonlik qiladi

Ammo, u o‘z chaqirig‘idan bu maqsadni ko‘zlamayotganini aytgan.

Britaniyadagi boshqa yana bir siyosatchi, muxolifatdagi Leyboristlar partiyasi tashqi ishlar vaziri Duglas Aleksandr ham agar Rossiyaning Malayziya uchog‘ining qulashiga "bevosita mas‘ulligi"ga oid dalil paydo bo‘lsa, FIFA o‘z qarorini qayta ko‘rib chiqishi kerakligini aytadi.

BBC muxbiri Ross Xoukinsga ko‘ra, janob Kleggning izohlari Britaniyaning Rossiyaga nisbatan "diplomatik tili" o‘tkirlashib borayotganiga yana bir misoldir.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002