Gaaga: Rossiya YuKOS uchun 50 milliard dollar to‘lashi kerak

Image copyright AP
Image caption Gaaga sudiga ko‘ra, Rossiya amallari YuKOSni o‘zlashtirib olishga teng bo‘lgan

Rossiya YuKOS shirkatining sobiq egalariga 50 milliard dollardan ortiq tovon puli to‘lashi kerak. YuKOS ishini 10 yildan ortiq ko‘rib chiqayotgan Gaagadagi arbitraj sudi ana shunday qaror qabul qildi.

Mahkama YuKOS aktsiyalariga ega bo‘lgan uchta shirkatning arizalarini birlashtirgan.

"Arbitraj sudlari bir ovozdan qaror qilishdiki, Rossiya Federatsiyasi arizadorlarning YuKOS shirkatidagi hissalarini o‘zlashtirib olishga teng qadamlarni qo‘ygan, va shu bilan Energitika Xartiyasiga bog‘liq Kelishuvning 13(1)-moddasini buzgan. Natijada Rossiyaga arizadorlarga tovon to‘lash buyuriladi", - deyiladi sudning dushanba kuni chop qilingan qarorida.

Mazkur sud ishida YuKOS hissadorlarini birlashtiruvchi GML (Group Menatep Limited) guruhi jabrlanuvchi sifatida ishtirok etgan.

GML egalari qatoriga YuKOSning sobiq egalaridan biri va Rossiyada bir umrlik qamoq jazosiga hukm qilingan Leonid Nevzlin ham kiradi.

Sud qarori ustidan shikoyat qilish uchun Rossiyaga 10 kun muhlat berilgan. "Kommersant" nashridagi manbalar Moskva bunday imkoniyatdan foydalanishiga shubha yo‘qligini aytishmoqda.

BBC muhbiriga ko‘ra, dushanba kuni Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov sud qaroridan shikoyat qilinishini tasdiqlagan.

"Rossiya tomoni va Rossiyaga bu jarayonda vakillik qilayotgan vazirlik va idoralar albatta o‘z da‘volarini qo‘llab-quvvatlash uchun barcha huquqiy imkoniyatlardan foydalanadilar", - deb aytdi janob Lavrov.

Agar sudning apellyatsion bosqichi qarorni saqlab qolsa, Rossiya 2015 yil 15 yanvarigacha 50 milliard dollar tovon to‘lashi kerak bo‘ladi. To‘lanmagan taqdirda, tovon pulining foiz ko‘rsatkichlari oshib boradi.

50 milliardlik tovon

Arizadorlar Rossiyadan 100 milliard dollar hisobida tovon talab qilishgandi, biroq sud bu miqdorning yarmi to‘lanishi borasida qaror qilgan.

Rossiya tomoni esa mazkur ishda Energetika Xartiyasi qo‘llanishi mumkin emasligini iddao qilgan, chunki mazkur kelishuv 1994 yilda Bosh Vazir Viktor Chernomyrdin tomonidan imzolangan bo‘lsa ham, parlament tomonidan tasdiqlanmagan bo‘lgan.

YuKOS ishi 2003 yilda boshlangan. Unda YuKOSning prezidenti va asosiy hissadori Mixail Xodorkovskiy hibsga olingan, shirkatning o‘ziga qarshi esa soliqdan bo‘yin tovlash ayblari bilan jinoiy ish ochilgan.

2004 yilda hukumat kimoshdi savdosi bilan YuKOSning asosiy aktivi bo‘lmish "Yuganskneftegaz" shirkatini sotib, soliq qarzlarini yopgan.

Qisqa muddatga tashkil qilingan "Baykalfinansgrup" shirkatni sotib olgan, so‘ngra Yuganskneftegaz"ni hukumatga tegishli bo‘lgan "Rosneft" shirkatiga sotgan.

2005 yilda panjara ortida bo‘lgan janob Xodorkovskiy GMLdagi o‘z ulushini sheriklariga sotgan, va shundan beri YuKOS uchun ketayotgan kurashda ishtirok etmay kelgan.

2006 yilda YuKOS bankrot deya e‘lon qilingan va bir yil o‘tib rasman yopilgan.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002