Qandahordagi hujumda Prezident Karzayning amakivachchasi halok bo‘ldi

Image caption Hashmat Karzay prezidentlikka nomzod Ashraf G‘ani shtabining rahbari bo‘lgan

Afg‘oniston janubidagi Qandahor shahrida yuz bergan bomba hujumida Prezident Homid Karzayning amakivachchasi o‘ldirilgan.

Hashmat Karzay o‘z uyiga tashrif buyurgan ziyoratchi bilan quchoqlashib ko‘rishayotgan payt hudkush hujumchi o‘zini portlatib yuborgan.

Ayrim xabarlarga ko‘ra, portlovchi modda ziyoratchining sallasi ichiga yashirilgan bo‘lgan.

Janob Karzay Ramazon Hayiti munosabati bilan uyiga tashrif buyurgan mehmonlarni qarshi olayotgan edi.

U Prezident Karzayning o‘rni uchun kurashayotgan nomzodlardan biri - Ashraf G‘anining targ‘ibot shtabi rahbari bo‘lgan.

Suiqasd uchun hozircha hech kim mas‘uliyatni o‘z zimmasiga olmagan.

Bahsli prezidentlik saylovlarida berilgan ovozlar qayta sanalarkan, Tolibon va ittifoqchilari tomonidan qator hujumlar amalga oshirilgan.

Bundan roppa-rosa uch yil muqaddam Prezident Karzayning ukasi Ahmad Vali Karzay Qandahordagi uyida o‘z qo‘riqchisi tomonidan otib o‘ldirilgan edi.

Ahmad Vali Karzay Qandahor viloyati Kengashining raisi, Afg‘oniston janubidagi qudratli shaxslardan bo‘lgan.

Qandahor uzoq vaqt davomida Tolibon harakatining istehkomi va nazoratidagi viloyatlardan biri bo‘lib kelgan.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002