Isroil G‘azodagi masjid va maktablarni nishonga oldi

Image copyright AP
Image caption Isroil G‘azoni havodan, suvdan va quruqlikdan nishonga olgan

Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyahuning ogohlantirishi ortidan G‘azo oxirgi uch haftadagi eng qaqshatqich hujumlarga sahna bo‘lgan.

Isroil o‘tgan tun 60 ta havo hujumini amalga oshirgan, jumladan, uchta masjid, maktab va bog‘chalarni nishonga olgan.

G‘azo bo‘lgasidagi yagona gidro elektr stantsiyasiga zarar yetkazilgan.

Mahalliy shifokorlarga ko‘ra, kamida 60 nafar falastinlik halok bo‘lgan.

Bosh vazir Netanyahu Isroil o‘z maqsadlariga erishguniga qadar hujumlarni davom ettirishini aytgan.

Televideniye orqali murojaatida u jangarilarning Isroilga sizib kirishlarini to‘xtatish uchun G‘azo-Isroil chegarasi ostidan qazilgan yer osti yo‘llarini vayron qilish kerakligini ta‘kidlagan.

"Quturgan it"

BMT Bosh Kotibi Pan Gi Mun Isroil G‘azo shimoliga havodan varaqalar tashlab, aholini uylarini tark etish haqida ogohlantirganidan tashvish izhor qilgan.

Janob Panga ko‘ra, BMT agentliklari qo‘shimcha qochqinlar oqimiga bas kelish uchun yetarli zahiralarga ega emas.

Image copyright Reuters
Image caption Oyatulloh musulmon dunyosini falastinliklarni qurollantirishga chaqirgan

Isroil tinch aholi orasidagi talofatlardan qochish uchun shu kabi ogohlantirish berganini aytmoqda.

Falastin rasmiylariga ko‘ra, 8 iyuldan buyon 1115 nafar falastinlik, asosan tinch fuqarolar o‘ldirilgan, Isroil esa 53 askar va uch fuqarodan ayrilgan, ulardan biri Tayland vatandoshidir.

Eronning ruhoniy rahbari Oyatulloh Ali Homanaiy Isroilni "quturgan it" deb ta‘riflagan va butun dunyo musulmonlarini falastinliklarni qurollantirishga chaqirgan.

"Toki ular qatliomga qarshi kurasha bilsinlar", degan Oyatulloh.

Vayronalar ostiga ko‘milgan

Isroil o‘tgan tun G‘azoni havodan, suvdan va quruqlikdan nishonga olgan.

G‘azo osmonida bomba yashinlari chaqnagan va tongda shahar bo‘ylab tutunlar ko‘kka o‘rlaganini ko‘rish mumkin edi.

Image copyright AFP
Image caption G‘azodagi vayron qilingan masjidlardan biri

Hujumlarda 55 ta uch vayron bo‘lgan, falastin xavfsizlik mulozimlariga ko‘ra, ulardan kamida uchtasida odamlar xarobalar ostida ko‘milib qolishgan.

Shuningdek, Hamasning sobiq bosh vaziri Ismoil Haniyaning hech kim yashamaydigan uyi ham vayron etilgan.

Hujumdan so‘ng Hamas web sahifasida e‘lon qilingan bayonotida janob Haniya "mening uyim boshqa bironta falastinlikning uyidan ko‘ra azizroq emas", deb aytgan.

"Toshlarning vayron qilinishi bizning irodamizni bukolmaydi va biz ozodlikka erishgunimizga qadar qarshilik ko‘rsatishda davom etamiz", - degan u.

Image copyright EPA
Image caption G‘azoda qochadigan joy qolmagan

Isroil uchoqlari uchta masjid, Hamasga tegishli tele va radiostantsiyalar, shuningdek, hukumat binolari, jumladan, moliya va ichki ishlar vazirliklarini bombalagan.

Falastin rasmiylarining BBCga aytishlaricha, G‘azo bandargohi ham vayron qilingan va ikkita maktab va bir bog‘cha bombardimondan so‘ng olov ichida qolgan.

Sog‘liqni saqlash vazirligiga ko‘ra, so‘nggi 24 soat ichida 110 inson o‘ldirilgan, ulardan 60 nafari mahalliy vaqt bilan yarim tunda Isroil hujumiga nishon bo‘lgan.

Yetti falastinlik oila tundan omon chiqmagan.

Ayni paytda Hamasning harbiy qanoti tunda Isroil tomoniga 14 raketa otganini ma‘lum qilgan.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002