Tojikistondagi o‘zbeklarning muammolari ko‘paymoqdami?

Image copyright iwpr

Qarorgohi Londonda joylashgan Urush va Tinchlik Tadqiqotlari Markazi chiqargan yangi hisobotda Tojikistondagi o‘zbekzabon aholi yuz tutayotgan muammolarning kengayib borayotganligi aytilgan.

Maqolada asosan o‘rta va oliy ta‘lim muassasalarida o‘zbekzabonlar duch kelayotgan muammolar tilga olinadi.

Unda qayd etilishicha, tojik tilini o‘rganish va undan foydalanishni targ‘ib qiluvchi qonunlar ta‘lim tizimida o‘ziga hos yo‘lda talqin qilinadi va natijada oliy ta‘lim yurtlarida o‘zbek tilida o‘qitilgan darslar deyarli yo‘qolgan.

Maqola mualliflariga ko‘ra, Tojikistonda hozirda atigi bir necha oliygohda faqatgina boshlang‘ich maktbalar uchun o‘qituvchilar tayyorlash sohasida o‘zbek tilida ta‘lim olish mumkin ekan.

Ushbu maqola muharriri Urush va Tinchlik Tadqiqot Markazidan Jon Maklaudning BBC bilan suhbatda aytishicha, tadqiqot asosan ta‘lim sohasidagi vaziyatga e‘tibor qaratgan.

Jon Maklaud: Tadqiqotimiz o‘qituvchilar va darsliklar yetishmasligi tufayli o‘zbek tilidagi maktablar kamayib ketayotganligi haqida aytilgan fikrlarga asoslangan. Ana shu kabi vaziyatda o‘zbekzabon aholi aksar hollarda tojik maktablarida tahsil ko‘rishni tanlayotganliklari haqida aytilmoqda. Bunga ikkita sabab bor. Birinchidan, tojik tilidagi maktablar yaxshiroq moddiy bazaga ega, deya ishoniladi va ikkinchidan, farzandlarining kelajagi tojik tilidagi maktabni bitirsa, yaxshiroq bo‘ladi, degan fikr ota-onalar orasida keng tarqalgan. Chunki tojik tili hozirda anchayin ustuvor mavqega ega bo‘lib bormoqda.

BBC: Siz buni davlatchilikni mustahkamlash yo‘lidagi tabiiy jarayon sifatida ko‘rasizmi?

Jon Maklaud: Balki bu tabiiy jarayondir va ta‘lim sohasida ochiqdan-ochiq kamsitish siyosati ketyapti, deb ham aytib bo‘lmas. Lekin bu afsuslanarli jarayon. Chunki bu mamlakatdagi yondoshuvdan va bu kabi munosabatni nimalar shakllantirayotganidan dalolat beradi. O‘zbekiston yoki Tojikiston kabi mamlakatlar nomida etnik guruh nomi bor. Sho‘rolardan keyingi davrda bu mamlakatlar o‘zliklarini ana shu atrofda, o‘z tillarini mustahkamlash bilan qurmoqdalar. Albatta Tojikistonda tojik tili, O‘zbekistonda o‘zbek tili mavqei mustahkam bo‘lishi kerak. Lekin bu jarayonda mahalliy ozchiliklar qaysidir ma‘noda "xorijiy"larga aylanib qolmoqdalar. Ularga nisbatan "diaspora" iborasi qo‘llanilmoqda. Bu esa noto‘g‘ri, chunki o‘zbeklar Tojikistonda uzoq vaqtdan beri, Tojikiston mamlakat sifatida shakllanishidan avvalgi vaqtdan beri yashab kelganlar. Lekin hozirda boshqa tilda so‘zlashganlari uchun bir jamiyatning tarkibiy qismi emas, kamsitilgan qismi bo‘lib qolmoqdalar.

BBC: Mana shu siz tasvirlayotgan holat haqida ular o‘z fikrlarini aytish imkoniga egalarmi?

Jon Maklaud: Ta‘lim sohasidagi vaziyat muhokama qilinadi, lekin anchayin nozik masalalar, masalan, siyosiy vakolat kabi masalalarga tojik hukumati o‘ta shubha bilan qaraydi. O‘zbeklar o‘zga, qo‘shni davlat bilan bog‘liq guruh sifatida ko‘riladi. Tojikistondagi o‘zbeklar O‘zbekistonga sodiqlik bilan qarovchi jamiyat sifatida ko‘riladi. Lekin bu kabi sodiqliklikning aslida dalillari yo‘q. Ular Tojikistonni vatan sifatida ko‘radilar.

BBC: Maqolada e‘tiborga loyiq bir raqam keltirilgan. 2010 yili aholi sonini qayd etish natijalariga ko‘ra o‘zbeklar va ularga aloqador, deya ko‘rilgan guruhlarga tegishli aholi soni bundan 20 yil avvalgiga qaraganda deyarli ikki barobarga kamaygan. Sabab nima?

Jon Maklaud: Menga ma‘lum bo‘lishicha, mamlakatdan ommaviy ravishda o‘zbeklarning ko‘chib ketishlari jarayoni kuzatilmagan. Buning bir sababi statistik o‘zgartirishlar bo‘lishi mumkin. Masalan, avvallari o‘zbek, yoki o‘zbeklarga tegishli deya aytilgan guruhlar, boshqa etnik ozchilik guruhiga tegishli, deya qayd qilina boshlagan bo‘lishi mumkindir. Lekin ana shu guruhlarni nazarga olib, hisoblaganda ham joriy raqam 14 foiz atrofida bo‘lyapti. 1989 yilgi aholini qayd qilish natijasiga ko‘ra esa, o‘zbeklar soni 23.5 foiz bo‘lgandi. Tug‘ilish darajasida ham keskin o‘zgarish kuzatilmagan. Shuning uchun buni ham sabab, deb ayta olmaymiz. Sabablardan biri, masalan, aralash oiladan bo‘lganlar o‘zlarini tojik, deb qayd qilishni afzal ko‘ra boshlagan bo‘lishlari mumkin. Huddi shu kabi jarayon O‘zbekistonda ham kuzatilgan. Tojikzabonlar o‘zlarini o‘zbek, deya qayd qilishni afzal ko‘ra boshlaganlar. Chunki pasportingda O‘zbekistonda o‘zbek, Tojikistonda tojik, degan yozuv bo‘lsa imkoniyatlar ko‘proq bo‘ladi, deya ishoniladi.

BBC: Maqolada yangi uy qurish uchun yer olishga navbatda turgan ayollardan birining, "Bizdan keyin ro‘yxatga yozilganlar allaqachon yer olib bo‘lishdi, biz esa yo‘q, eshitishimizcha o‘zbek bo‘lganimiz uchun bizga yer berishmayapti ekan", deya da‘vo qilgani keltirilgan. Sizning tadqiqotchilaringiz bu kabi da‘volarni tekshirib, aslida ham sabab shu ekanligi dalillarini topa olganmilar?

Jon Maklaud: Yo‘q bu kabi da‘volar ko‘p bo‘lmagan. Agarda bu da‘vo isbotlanmagan taqdirda ham, milliy ozchilik o‘zini qanday his qilayotganligidan belgidir. Bu esa xavotirli, chunki har qanday guruh uchun o‘zining kamsitilayotganini tasavvur qilish ham jamiyatda muammolarni keltirib chiqarishi mumkin. Tojikiston hukumati tojik tili va aholisi atrofida kuchli davlatchilikni yaratish urinishida bo‘lsa ham, boshqalar o‘zlarini chetga chiqarib qo‘yilgan yo-da kamsitilgan deb his qilmasliklarini ta‘minlash ham o‘ta muhim vazifadir.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002