Tojikiston: suv bo‘yida suvsiz qolganlar

Tojikiston dunyodagi eng sersuv, tabiiy suv manbalariga ega mamlakat hisoblansa-da, joriy yilda yana bir bor ekinzorlarni sug‘orish muammosi ko‘ndalang bo‘lmokda.

Aholining 50 foizidan ko‘prog‘i esa, haligacha toza ichimlik suv bilan ta‘minlangan emas.

Tojikistondagi asosiy ekinlardan sanaladigan g‘o‘za va sholining ayni parvarishi davrida qishloq xo‘jalik rivojlangan tumanlarda dehqonlar suv tanqisligiga duch kelishdi.

Qirg‘izistondan o‘tib keladigan suv havzalarida suv keskin kamayib ketdi yoki butunlay quridi. Ustiga Katta Farg‘ona kanaliga o‘zbekiston tomondan suv o‘tmay qo‘ydi.

"Dehqon xo‘jaligimizning yigirma gektarga yaqin yeri bor. Ko‘p suv talab qilishini bilgan holda shu yerning to‘rtdan bir qismigagina chigit ekdik. Suv yo‘kligi bois qora ekinlarni ekish vaqti ham kechikdi", deydi konibodomlik dehqon.

Uning aytishicha xo‘jalik ekinzorlari Qayroqqum suv omboridan suv tortib beradigan nasoslar yordamida sug‘orilar ekan. Lekin nasoslarning muntazam ishlamayotgani uchun, ustiga suvga navbatga katta ekanligi bois ekinzorlar tez-tez suvsiz qolmoqda.

Konibodomning Katta Farg‘ona kanalida O‘zbekistondan oqib keladigan suv va Qirg‘izistondan o‘tib keladigan Isfarasoy suviga qaram xo‘jaliklarida esa suv tanqisligi muammosi bu dehqon xo‘jaligiga nisbatan bir necha karra ko‘proq bo‘lgan.

Image caption Ko‘plab ekin maydonlari suvsizlikdan qovjirab qolmoqda

"Bir yarim oygacha na kanaldan suv keldi, na Isfarasoy suvi keldi", deydi "Kandi ko‘han" hissadorlik jamiyatida ishlaydigan dehqon.

Nihoyat, Tojikiston Vazirlar Mahkamasi raisi Qohir Rasulzodaning aralashuvi bilan qo‘shnilar bilan kelishuvga erishilgan.

Hozirda o‘zbekiston tomondan Katta Farg‘ona kanalining Konibodom tomoniga 4,5 kub metr suv o‘tmoqda. Isfarasoydan esa, 5 kub metr suv olinyapti.

"Suv bo‘lmasa, pul, mehnat sarflab nima?"

O‘zini Turdiali deb tanishtirgan qirq yoshlardagi kishi bundan to‘rt yil oldin Tojik Mirzacho‘lida - Zafarobod tumanida dehqonchilik qilgan.

U yer olib, oilaviy dehqonchilik xo‘jaligi ta‘sis etgan. Bankdan qarz olib chigit, mineral o‘g‘it sotib olgan, traktor ishlatgan…

Lekin ayni ekin hosil to‘playdigan palla suv yetishmay qolgan. Olingan hosil qilingan xarajatning yarmini ham qoplamagan. Natijada qarzdor bo‘lib qolgan dehqon yerni tashlab, Rossiyaga ishlash uchun jo‘nab ketgan.

"Afsuski, bu yagona holat emas. Yerini tashlab ketganlar oz emas", deydi Zafaroboddagi qishloq xo‘jaligi muammolarini o‘rgangan jurnalist.

"Men ko‘p dehqonlar bilan gaplashdim. Ular yerdan foydalanishni istashadi. Lekin dehqonlardan biri alam bilan aytganiday “Suv bo‘lmasa, pul, mehnat sarflab nima?” deydi jurnalist.

Respublika hukumati esa, yangi skvajina-quduqlarni ishga tushiruvchi ishbilarmonlar, dehqon xo‘jaliklarini rag‘batlantirish uchun maxsus loyihani yo‘lga qo‘ygan. Mazkur loyixa yuzasidan skvajina-quduq qaziyotgan kishilarga mamlakatdagi banklar tomonidan imtiyozli qarzlar berilmokda.

Ayni bir paytda Sug‘d viloyatida suv zaxiralarini boshqarish yuzasidan loyihani amalga oshirishga kirishilmoqada.

Viloyat Hukumati matbuot xizmatining xabar berishicha, yer islohoti tez sur‘atlarda davom etayotgan, 30 mingtaga yaqin yangi dehqon xo‘jaligi tuzilgan bir paytda suv zaxiralarini boshqarish va sug‘orma suv bilan ta‘minlash masalalari o‘ta muhim bo‘lib qolmoqda.

Shveytsariya va Olmoniyadagi xalqaro tashkilotlar qo‘llovi bilan amalga oshiriladigan loyiha Sirdaryo va shuningdek Oqsu va Xo‘jabaqirg‘on soylari suv havzalarini qamrab olgan.

Ayni bir paytda Tojikiston Meloratsiya va suv zaxiralari vazirligining bildirishicha Tojikiston Sirdaryo suvining faqat 7 foizidan foydalanadi.

Sirdaryodan Qirg‘iziston olayotgan suv bir foizga yetmaydi. Qolgan 92 foiz suvdan Orol dengizi yo‘lidagi o‘zbekiston va Qozog‘iston foydalanadi.

Garchi Amudaryoning asosiy suvi Tojikiston hududida hosil bo‘lsa-da, bu daryo suvidan mamlakat atigi 15 foizini oladi.

Jahon banki kuzatishlaricha, suvga boy Tojikiston ekinzorlarining beshdan bir qismi suv taqchilligi muammosiga uchrayotir.

Tojikiston suvtalab paxta maydonlarini qisqartirish, unng o‘rniga boshqa ekinlarni ekish, bog‘lar yaratish orqali suv taqchilligi muammosini hal etishga ham harakat qilmokda. Masalan, Sho‘rolar davriga qiyoslaganda hozirda Tojikistonda paxta maydonlari teng yarmidan ko‘piga qisqartirildi.

Suv yonida suvga zorlar

Suv manbalariga boy Tojikiston faqat sug‘orma suv taqchilligi masalasida emas, toza ichimlik suv masalasida ham muammolarga duch kelmoqda.

Image caption Qishloqlarda aholi bir necha chaqirim naridan suv tashib kelishga majbur bo‘lmoqda

Rasmiy ma‘lumotlarga qaraganda Tojikistonning 50 foizga yaqin aholisi toza ichimlik suv bilan ta‘minlanmagan.

Sho‘rolar davridan qolgan ichimlik suv tizimlari eskirib, asosiy qismi yaroqsiz ahvolga kelgan.

To‘g‘ri, Tojikiston mustaqilligining keyingi yillarida mamlakatning yirik shaharlari, jumladan, Xo‘jand shahrida ichimlik suv masalasi ijobiy hal etildi. Buning uchun Yaponiya hukumati va boshka bir qator xalqaro tashkilotlar moliyaviy ko‘mak ko‘rsatishdi.

Ammo qishloqlarda ichimlik suv tanqisligi keskin muammoligicha qolmoqda.

"Biz ichimlik suvini to‘rt-besh chaqirim naridan tashib kelamiz. Mashinasi borlar mashinasida olib kelishadi. Bizga o‘xshaganlar, ko‘rib turganingizdek, eshakaravaga ortilgan idishlarga suv quyib kelamiz. Qarang, zambilg‘altakka suvidishlar solganlarni ko‘ryapsizmi", deydi Asht tumanidagi Gulshan qishlog‘ida yashaydigan Meliqo‘zi ismli kishi.

"Biz ko‘shni Qirg‘iziston tomondan ichimlik suv tashib kelamiz. Kim ulovda, kim piyoda. Ko‘pincha jonimiz halakda bo‘ladi - ishqilib, qo‘shnilar bilan biron mojaro chiqib, bizni Qirg‘iziston tomonga o‘tkazmay ko‘yishmasin-da deb", chuqur uh tortadi Isfara tumanining Lakkon qishlog‘ida yashaydigan ellik yoshlardagi ayol.

Tojikistonning ayniqsa faqat jilg‘a yo buloq suvlariga ko‘z tutib qolgan tog‘li qishloqlarida ichimlik suv muammosi aholini qiynab qo‘ymoqda. Bu jilg‘a va buloq suvlari yoz o‘rtalariga kelib, ko‘pincha butkul qurib qoladi.

Shundaygina Zarafshon yo Sirdaryodan bir-ikki chaqirim narida yashab, ichimlik suv yo‘qligidan qiynalayotgan odamlarning ham yozg‘irishlaricha bor: "Suv bo‘yida yashab, suvga zormiz!"

Hozirda suv muammosi hal etilishiga ko‘zi yetmagan qishloq odamlari ota-bobolaridan qolgan an‘analarga qaytishmoqda.

Konibodom, Bobojon G‘afurov, Asht, Jabbor Rasulov, Panjakent kabi tumanlarda hovuzlar qazilmoqda. Lekin hovuzni to‘ldirish ham oson emas. "Suv tashib beradigan mashinalar haydovchilari og‘izlariga siqqan pulni so‘rashadi", deydi G‘onchi tumani qishloqlaridan birida yashaydigan o‘qituvchi.

Rasmiylarning aytishlaricha xalqaro tashkilotlar yordamida qishloq aholisini ichimlik suv bilan ta‘minlash muammosi hal etilmoqda. Masalan, Konibodom tumanining oltita qishloq jamoatidagi qishloqlarda ichimlik suv bilan ta‘minlash masalasi yaxshilangan.

Yaqin ikki yilda esa, Tojikistonda sug‘orishni yaxshilash va ichimlik suv ta‘minoti uchun 350 million AQSh dollaridan ko‘proq mablag‘ sarflanishi rejalashtirilgan.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02