To‘qmoqda KXShT harbiy mashqlari o‘tkazilmoqda

Qirg‘izistonning To‘kmoq shahrida Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkilotiga a‘zo mamlakatlar qurolli kuchlarining qo‘shma harbiy mashqlari o‘tkazilmoqda.

"Buzilmas qardoshlik" nomi ostida o‘tkazilayotgan bu mashqlarda Rossiya, Qozog‘iston, Belarus, Armaniston va Tojikiston harbiy kuchlari ishtirok etishmoqda.

Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkilotining harbiy mashqlarining to‘rt kun davom etishi aytilgan.

Mashqlarning rasmiy boshlanishi marosimida gapirgan Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti Bosh kotibi Nikolay Bordyuja Afg‘onistondagi vaziyatni tilga olib, Markaziy Osiyo mintaqasida xavfsizlikni kuchaytirish, barqarorlikni ta‘minlash muhim vazifa ekanligini aytib o‘tdi.

Qirg‘izston Qurolli Kuchlari Bosh shtabi rahbari Asanbek Alimxo‘jayevga ko‘ra mashqlar mobaynida terroristik kuchlardan himoya qilish sohasida vaziyatlar sinovdan o‘tkaziladi.

"Afg‘onistondan xalqaro kuchlar chiqib ketishi bilan Markaziy Osiyoning shimoliy chegaralariga xavf tug‘ilishi mumkin. Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti xalqaro terrorizm va ekstremizmga, giyohvand moddlar va qurollarning noqonuniy savdosiga qarshi kurashga tayyor bo‘lishi kerak", - dedi janob Alimxo‘jayev.

Kuzatuvchilar qirg‘iz harbiy rasmiysi tashqi xavf deganda qirg‘iz-tojik chegarasida ro‘y berib turgan to‘qnashuvlarni ham nazarda tutganligini aytmoqdalar.

Lekin Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti Bosh kotibi Nikolay Bordyuja bu kabi tuqnashuvlar ikki mamlakatning o‘zaro masalasi ekanligi va shuning uchun uchinchi kuchlar unga aralashmasligi kerakligini aytgan.

Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti 1992-yili 15-mayda Toshkentda olti mamlakat - Armaniston, Qozog‘iston, Rossiya, Tojikiston va O‘zbekiston ishtirokida tuzilgandi.

Keyinchalik unga Ozarbayjon, Gurjiston va Belarus qo‘shilishgan.

Ammo keyinchalik O‘zbekiston va Ozarbayjon Tashkilot tarkibidan chiqqanliklarini ma‘lum qilganlar.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02