Xitoydagi eng yirik masjid imomi o‘ldirib ketildi

Image copyright freeasia
Image caption Juma Tohir xitoyparast chiqishlari bilan tanilgani aytiladi

Xitoydan kelayotgan xabarlarga ko‘ra, Qashg‘ardagi jome‘ masjid imomi pichoqlab o‘ldirilgan.

Vashingtonda joylashgan "Ozod Osiyo" radiosining mahalliy rasmiylar va shohidlarga tayanib xabar qilishicha, Juma Tohir chorshanba kuni tongda Qashg‘ardagi "Iydgoh" masjidi tashqarisida qonga belangan holda topilgan.

Juma Tohir musulmon uyg‘ur guruhlari tomonidan xan xitoylariga sodir etilgan zo‘ravonliklarni tanqid qilib kelgani aytiladi.

Qashg‘ar shahridagi mahalla qo‘mitasi raisi Abdug‘ani Do‘lqin 70 yoshlarda bo‘lgan taniqli imomning suiqasd qurboni bo‘lganini aytgan.

Ma‘lumotlarga ko‘ra, bir yarim gektar yerdan ko‘proq maydonni egallagan "Iydgoh" masjidi 1442 yilda qurilgan qadimiy masjidlardan biri sanaladi.

Hodisa Yorkentdagi qonli to‘qnashuvlardan bir necha kun o‘tib, yuz bermoqda.

Dushanba kuni yuz bergan zo‘ravonliklarda, Xitoy davlat matbuotiga ko‘ra, o‘nlab odamlar halok bo‘lgan.

Ularning ko‘pchiligi politsiya tomonidan otib o‘ldirilgani xabar qilinadi.

Sinxua agentligiga ko‘ra, pichoq bilan qurollangan to‘da Yorkentdagi politsiya idorasi va hukumat binolariga hujum qilgan.

BBC muxbiriga ko‘ra, o‘ldirilganlar orasida xitoy politsiyasi xodimlari va Yorkentga yerlashtirilgan xan xitoylari ham bor.

Jahon Uyg‘urlar Kongressi qurbonlar soni 100ga yaqin bo‘lishi mumkinligini aytgan.

"Ozod Osiyo" radiosi uyg‘ur tahririyatining xabariga ko‘ra, uyg‘urlar musulmonlarning muqaddas Ramazon oyida joriy etilgan cheklovlardan norozi bo‘lganlar.

"Xitoyparast imom"

Image caption "Iydgoh" masjidi 1442 yilda bunyod etilgan

Radioning Qashg‘ar aholisidan iqtibos keltirishicha, o‘ldirilgan imom 2009 yildagi zo‘ravonliklar chog‘ida Xitoy hukumatini himoya qilgani uchun ko‘pchilik uyg‘urlar uni yomon ko‘rishgan.

O‘z nomini oshkor etmagan qashg‘arlik o‘qituvchi "U masjidni kommunistik partiyaning targ‘ibot maktabiga aylantirib olgan edi", - deb aytgan.

Londondagi uyg‘ur faoli Aziz Isoning aytishicha, bu "Iydgoh" masjidi imomiga birinchi suiqasd emas.

Uning so‘zlariga ko‘ra, masjidning bundan avvalgi ikki imomiga ham suiqasd uyushtirilgan, ulardan biri halok bo‘lgan.

"Xitoy hukumati bu masjid imomlaridan o‘z targ‘ibotlarida foydalangan", - deydi uyg‘ur faoli.

Yorkentdagi hodisalar ortidan Xitoy mintaqada xavfsizlik choralarini kuchaytirgan.

Yorkentdagi manba‘lar BBCga ko‘chalarda katta sondagi politsiya va armiya kuchlari joylashtirilganini aytishgan.

2009 yilda Shinjon poytaxti Urumchida uyg‘urlar va Xan xitoylari o‘rtasida yuz bergan ommaviy to‘qnashuvlarda 200ga yaqin kishi halok bo‘lgan, ularning aksariyati Xan xitoylari ekani aytilgan.

Uyg‘ur faollari Xitoy boshqaruviga qarshi norozilik, xususan, diniy va madaniy erkinliklarning cheklanayotgani haqida gapirishadi.

Xitoy esa mintaqa aholisining turmushini yaxshilash uchun yirik sarmoyalar kiritayotganini aytib keladi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02