Isroil "Hamas qazigan yerosti yo‘llarni" vayron qilmoqchi

Image copyright AP

Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyahuga ko‘ra, Hamas barpo etgan yer osti yo‘llari vayron qilinmagunga qadar G‘azodagi harbiy amaliyotlari davom etadi.

Hukumat qo‘mitasi yig‘ini oldi gapirgan Netanyahu falastinlik jangarilar G‘azodan Isroilga sizib kirishlari uchun qazilgani aytiladigan ushbu tunnellarni "otashkesim o‘rnatilsa, o‘rnatilmasa" yo‘q qilishga ahd qilganini ta‘kidlagan.

BMTga ko‘ra, G‘azodagi so‘nggi ixtiloflar tufayli 425, 000 inson boshpanasiz qolgan. Bu bo‘lga aholisining 25 foizini tashkil qiladi.

G‘azo Bo‘lgasidagi sog‘liqni saqlash bo‘yicha rasmiylarga ko‘ra, Isroil 8 iyul kuni harbiy amaliyotlarini boshlaganidan beri aksari tinch fuqarolardan iborat 1, 390 falastinlik o‘ldirilgan.

Isroil tarafi 56 askari va ikki fuqarosi nobud bo‘lganini aytadi. Isroildagi taylandlik ishchi ham hayotdan ko‘z yumgan.

Avvalroq, Isroil zahiradagi 16,000 askarini chaqirgani haqida xabar qilingan va bu quruqlikdagi harbiy amaliyotlar kengaytirilishi mumkinligi yuzasidan farazlarni kuchaytirgan.

Biroq, Isroil armiyasining BBCga aytishicha, zahiradagi kuchlar xuddi shuncha sondagi askarlar o‘rnini to‘ldiradi.

Armiyaga ko‘ra, hozir G‘azodagi amaliyotlar uchun zahiradan 59, 000 harbiy safarbar etilgan.

BBC muxbiri Jon Donnisonning xabar qilishicha, payshanba kuni ertalab Isroil G‘azoni tanklardan hujumga tutishda davom etgan.

Ayni paytda Isroil janubidagi Sderot shaharchasida raketa otilayotganidan ogohlantiriluvchi sirena ovozlari eshitilgan.

G‘azoda chorshanba kuni 100dan ortiq inson o‘ldirilgani xabar qilingandi.

G‘azo shahrining Jabaliyadagi BMT maktabiga qilingan hujum AQSh va BMT tarafidan qoralangan. Hujumda maktabda jon saqlayotgan 16 inson hayotdan ko‘z yumgandi.

Voiz Mark Regev BBCga gapirarkan, Isroilning bunga mas‘ulligi isbotlansa, uzr so‘rashini mumkinligini aytgan.

"Bizda siyosat bor - biz tinch fuqarolarni nishonga olmaymiz", degan Isroil hukumati voizi.

BMT Bosh kotibiga ko‘ra esa, "barcha mavjud dalillar" hujum Isroil artilleriyasi vositasida amalga oshirilganiga ishora qiladi.

Isroil G‘azoni 1967 yil Yaqin Sharq urushida ishg‘ol qilgan. 2005 yilga kelibgina bo‘lgadan qo‘shinlari hamda yahudiy kelgindilarini olib chiqib ketgandi.

Isroil buni ishg‘olning yakuni deb ko‘radi, ammo hali ham G‘azo chegaralari, suv va havo hududlarining katta qismini nazorat qiladi. Misr G‘azoning janubiy chegarasida nazorat o‘rnatgan.

Hamas Isroil va Misr tarafidan qamalga barham berilmagunga qadar kurashdan to‘xtatmasligini aytadi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02