"NATO Rossiyaning hujumini qaytarishga tayyor emas"

Image copyright cvc
Image caption Ukrainadagi voqealar NATOning Rossiyaga qarashlarini o‘zgartirgan

Shimoliy Atlantika ittifoqi Rossiyaning a‘zo davlatlardan biriga hujum qilishiga yaxshi tayyorlanmagan.

Bu haqdagi ogoh britaniyalik bir guruh deputatlar tayyorlagan hisobotda yangradi.

Britaniya parlamenti quyi palatasining mudofaa qo‘mitasiga ko‘ra, Ukrainadagi ziddiyat NATOning tahdidlarga qarshi turishga qanchalik hozirligi borasida "jiddiy yetishmovchiliklar" borligini ko‘rsatgan.

Deputatlar NATO "radikal islohotlar"ga muhtoj ekanini ham aytishgan.

Britaniyalik millatvakillarining ishonishlaricha, Rossiya tomonidan odatiy hujum ehtimoli kam, ammo muntazam bo‘lmagan qo‘shinlar ishtirokidagi axborot urushi va kiber hujumlar ehtimoli mavjud.

Hisobot mualliflari jumladan, Boltiqbo‘yi davlatlarida NATO qo‘shinlari va harbiy texnikasini joylashtirish, mavjud tezkor kuchlarning jangovar hozirligini yaxshilash, barcha a‘zo davlatlarning harbiy va siyosiy rahbariyatlari ishtirokida keng miqyosdagi o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazishni taklif etganlar.

"Xavotirli qo‘ng‘iroq"

Britaniya parlamenti mudoffa qo‘mitasining raisi Rori Styuart "Rossiyaning NATO davlatiga hujum qilish ehtimoli garchi kam bo‘lsa-da, mavjud. NATOning bu tahdidga tayyorligiga ishonchimiz komil emas", - deb aytgan.

Image copyright Getty
Image caption Rasmussen Rossiya ortiq NATOning hamkori emasligini aytgan

Uning so‘zlariga ko‘ra, "Rossiyaning taktikalari sur‘at bilan o‘zgarmoqda".

"Ular jumlasiga kiber hujumlar, axborot urushi va muntazam bo‘lmagan bo‘lginchi guruhlarni qo‘llab-quvvatlash kiradi", deb aytgan o‘tmishda Iroq va Afg‘onistonda xizmat qilgan britaniyalik siyosatchi.

Hisobotda aytilishicha, NATO oxirgi 20 yil ichida Rossiyani hududiy tahdid sifatida ko‘rmagan, ammo so‘nggi voqealar NATOning qarashlarini o‘zgartirgan.

"Ukrainadagi voqealar, 2007 yilda Estoniyaga qilingan kiber hujum va 2008 yildagi Gurjistonning ishg‘oli NATO uchun xavotirli qo‘ng‘iroqdir.

NATO voizi Oana Lungeskuning BBCga aytishicha, NATOda britaniyalik deputatlarning hisobotini o‘rganishadi.

"Hali mart oyidayoq NATO Bosh Kotibi Anders Fog Rasmussen Rossiyaning Ukraina va uning atrofidagi harbiy harakatlarini ittifoq va xalqaro hamjamiyat uchun xavotirli qo‘ng‘iroq deb atagandi", deydi NATO voizi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Shimoliy Atlantika ittifoqi hozirning o‘zida kollektiv mudofaa salohiyatini mustahkamlash uchun choralar ko‘rishni boshlagan.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02