"Ko‘rinmas urush" sarhadlarida

Image copyright uza
Image caption O‘zbekistonning do‘sti kim? Amerikami va yo Rossiya?

O‘zi siyosatga uncha hushim yo‘q. Lekin atrofimda bo‘layotgan voqealar, do‘konga kirgan odamlarning bu haqdagi tinimsiz gapirishi tufayli kamina ham o‘zi nimalar ro‘y berayotganiga bir razm solmoqchi bo‘ldim.

Xo‘sh, men nima demoqchiman? Demoqchimanki, bugun hammaning og‘zida O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasidagi sovuqchilikning tobora kuchayib borayotgani odamlarni tashvishga solmoqda. Kecha Toshkentga kelgan AQSh markaziy qo‘mondonligi boshlig‘ining prezident bilan uchrashgani ham bu gaplarni yanada qizitib yubordi. Endi O‘zbekiston Amerikaga yana baza ochib berarmish degan gaplar baralla aytilmoqda. Buning barobarida xavotirlar ham kuchaygan. Nega deysizmi?

Ko‘pchilik Amerika yana bir qitmirlik qilib O‘zbekistonda navbatdagi isyonga turki beradi, chunki AQShning niyati yomon, demoqda. Sababi ular avvalgi, 2005 yildagi Andijonda yuz bergan qonli voqeani ham AQSh uyushtirgan deb ishonadi. Bilmayman, qayerdan bu gapni topgan, lekin shunga astoydil ishonadi. Ular haligacha Rossiyani eng yaqin do‘st, prezident Vladimir Putinnni esa o‘z tog‘asidek ko‘radi. Bunaqa o‘zbek ziyolilari juda ko‘p ekan, do‘konimda gap qiziganda, putinparastlar va ovro‘parastlar tortirishib qolib, bir-birlariga bo‘shagan shishani o‘qtalib qolganida bunga necha bor amin bo‘ldim o‘zim. Ha, bularning birortasini o‘z qarashidan qaytarib bo‘lmaydi.

Yana bir turfa odamlar, farzandlari Rossiyada ishlab yurganlar, biznesi, xo‘jaligi Rossiya tovarlari bilan bog‘liq kishilar ham xavotirda. Ular bunday "ko‘rinmas urushdan" farzandlarimiz aziyat chekmoqda, biznesimiz zarar ko‘rmoqda degan fikrda. Rossiyadan o‘zbek mardikorlarining yoppasiga haydalayotgani, ularga rus ma‘murlari va politsiyasi tomonidan o‘ta yomon munosabat ko‘rsatilayotgani sababini ikki mamlakat o‘rtasidagi sovuqchilikdan ko‘riladi.

Image copyright ITAR TASS
Image caption "Rossiyada o‘zbeklarni xush ko‘rishmaydi..."

"U yerda Qirg‘iziston va Tojikistondan borgan ishchilarga munosabat boshqacha, o‘zbeklarga boshqacha. O‘zbeklarni duch kelgan joyda zug‘umga olishyabdi", deydi Sochida ishlab qaytgan 26 yoshli bola menga. "2015gacha hamma o‘zbeklarni haydab solarmish", deb qo‘shib qo‘yadi bolapaqir.

Do‘konimga kirgan bir viloyatlik kichik amaldor ham bu "ko‘rinmas urush" oqibatlaridan nolib qoldi. "Rossiya bizni yomon qisti-bastiga olyabdi. Solyarka tanqisligi nimadan deb o‘ylaysiz?" so‘rab qoldi mendan. Yelka qisdim, men qayerdan bilay.

"Ha bilmaysizda, oddiy traktorni yurg‘izadigan solyarka anqoning urug‘i bo‘lib ketdiku! Avval Qozog‘istondan sotib olardik, Rossiya qozoqlarga bosim o‘tkazib bizga solyarka sotishni to‘xtadi. Biz keyin Ozarboyjondan sotib ola boshladik. Biroq yaqinda Rossiya bu yo‘lga ham to‘siq qo‘ydi. Endi solyarkani Fors ko‘rfazidan tashib kelyapmiz", dedi u o‘zini eng bilimdon odamdek ko‘rsatib.

Xullas, hamma xavotirda. Amerika baza ochib, mustahkam o‘tirib olsa, Rossiyaning zug‘umida ahvolimiz nima kechadi, millionlab kelib turgan pullar endi qayerdan keladi, ishsiz bo‘z yigitlar qayerga ish qidirib boradi degan qayg‘uda. Taksichining og‘zidayam shu gap, do‘konga kirgan xaridorning ko‘nglida ham shu gap.

Men demoqchi edimki, qayerlardadir boshlangan urush bizda ham "ko‘rinmas" holda kechmoqda. Ehtiyot bo‘ling!

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02