G‘azodagi 72 soatlik otashkesim bekor qilindi

Image copyright Reuters

Isroil armiyasi G‘azodagi aholiga Hamas bilan bir necha soat avval erishilgan 72 soatlik otashkesim barbod bo‘lganini e‘lon qilgan.

Armiya G‘azo yashovchilarini ko‘chalarga chiqmaslik bilan ogohlantirgan.

Falastindagi manbalarga ko‘ra, otashkesimga erishilganidan so‘ng G‘azoning Rafa shahrida amalga oshirilgan Isroil hujumida kamida 30 odam halok bo‘lgan. Isroil Hamasning raketa hujumiga javob qaytarganini aytdi.

Juma kuni ertalab Isroil va Hamas 72 soatlik insonparvarlik otashkesimini e‘lon qilgandilar.

BBCning G‘azodagi muxbiri Jon Donnison Isroil bombardimoni va Falastin raketalari otashkesim e‘lon qilinishigacha davom etgani, lekin otashkesim ortidan osmon uzra osoyishtalik hukm surayotganini xabar qilgandi.

Tongda G‘azodagi hayot o‘z iziga tushayotgandek ko‘rindi: ko‘plab falastinlik o‘z uylari qanday ahvolda ekanini ko‘rish uchun og‘ir bombardimonga uchrab kelingan hududlarga yo‘l olishdi.

Otashkesimni e‘lon qilar ekanlar, AQSh va BMT bu amalning insonparvarlik maqsadlarida ekanini urg‘uladilar, ammo Isroil qo‘shinlari G‘azoda qolishmoqda.

"Bu otashkesim zo‘ravonlikdan charchagan begunoh oddiy aholi nafasini rostlab olishi uchun juda muhim", - dedi AQSh Davlat kotibi Jon Kerri.

Uning aytishicha, otashkesim davrida G‘azodagi aholi oziq-ovqat va tibbiy ko‘maklarni olish, marhumlarni dafn qilish va jarohat olganlarga yordam ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.

Hindistonda gapirar ekan, janob Kerri mazkur otashkesim mojaroning yakun topganiga kafolat emasligini aytdi.

"Bu bir tanaffus. Bu intiho emas, balki imkoniyat daqiqasi", - dedi u.

Ayni damda Isroil va Falastin vakillari uzoq muddatli yarashuvga erishish istiqbollarini muhokama etish uchun Misrga kelishgan.

Hamas G‘azo blokadasi bekor qilinishini istaydi.

Isroil esa G‘azodagi jangarilar qurollantirilmasligiga xalqaro kafolat berilishi, hamda Isroilga o‘tadigan tunnellar qurilmasligini talab qilayapti.

Hozircha esa Isroil Hamasning yerosti yo‘llarini yo‘q qilib bo‘lmaguncha hujumlarini davom ettirishini bildirgan.

Sog‘liqni saqlash rasmiylariga ko‘ra, mojaroda shu vaqtgacha aksari oddiy fuqarolar bo‘lgan 1460 falastinlik halok bo‘lgan. Aksari askarlar bo‘lgan 63 isroillik ham nobud bo‘lgan.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Your contact details
Disclaimer