O‘zbekiston Rossiyaning aksil-ukrain targ‘ibotidan norozimi?

Image copyright RIA Novosti
Image caption O‘zbekiston hukumati Ukraina hududiy yaxlitligini dastaklaydi

O‘zbekistonning Ukrainadagi elchisi rasmiy Toshkent Ukrainaning Ovro‘poga qo‘shilish maqsadlarini qo‘llab quvvatlayotganini bildirgan. Ayni damda O‘zbekiston amal qiluvchi hukumatparast websayt kolumnisti Rossiya hukumatining O‘zbekistonda o‘z targ‘ibot filmlarini namoyish qilayotganini qoraladi.

Ukrainaning 1tv.com.ua sayti chop qilgan maqolada aytilishicha, Kiyevdagi o‘zbek elchisi Alisher Abdualiyev Ukrainaning Ovro‘po sari yuzlanib rivojlanishidan O‘zbekiston manfaatdor ekanini aytgan.

"O‘zbekiston Ukrainaning ovrointegratsion rejalarini qo‘llab-quvvatlaydi, chunki bunday taraqqiyotdan O‘zbekiston o‘z manfaatlarini ko‘zlaydi", - deya iqtibos keltiradi portal o‘zbek elchisi Abdualiyevdan.

O‘zbekiston Ukrainaning hududiy yaxlitligini dastaklab kelgan, biroq ilk bora uning Ovro‘po Ittifoqiga yaqinlashish niyatlariga munosabat bildirmoqda.

Janob Abdualiyev Ukraina Iqtisodiy taraqqiyot va savdo vaziri Pavel Sheremet bilan rasmiy uchrashuvi chog‘ida, shuningdek, ikki tomonlama munosabatlarda o‘xshash mavqelar borligini ta‘kidlagan.

"Biz Ukraina hukumatining barcha rejalarini muvaffaqiyatli tarzda amalga oshirishini istaymiz. Biz ikki tomonlama aloqalardan juda mamnunmiz. O‘zbekiston va Ukraina ko‘pgina dolzarb mintaqaviy va xalqaro masalalarda o‘xshash mavqega ega bo‘lib kelishgan va bugun ham egalar", - deb aytgan o‘zbek elchisi.

"Rossiya targ‘iboti"

Image copyright anhor.uz
Image caption Javlon Hasanov Rossiya targ‘ibot filmidan shubhalangan

Ayni damda O‘zbekistonda hukumat siyosatini qo‘llab-quvvatlab faoliyat yurituvchi anxor.uz sayti "O‘zbekistonda Ukraina haqida filmlar namoyish qilayotgan Rossotrudnichestvoning amallari naqadar qonuniy?" sarlavhasi ostida maqola chop qilgan.

Maqolaning muallifi Javlon Hasanov ushbu websaytda 30 iyul kuni Toshkentdagi Rossiya fan va madaniyati markazida Ukrainadagi oxirgi voqealar haqida jurnalist Andrey Karaulovning "Oddiy fashizm" deya nomlangan filmining namoyish etilishidan norozilik izhor qiladi.

"Bu hujjatli filmning shunday sarlavha va sharhlar bilan namoyish qilinishi "o‘z haqiqati"ni yagona haqiqat deya taqdim qilishga yo‘naltirilgan jiddiy qadamdir. Ayni paytda Ukrainaning Toshkentdagi elchixonasi, yoki Toshkentdagi ukrain madaniy markazi bu kabi siyosiy filmlarni namoyish qilmayapti va O‘zbekiston fuqarolariga o‘zlari mustaqil tanlov qilishlariga imkoniyat yaratib beryapti", - deb yozadi sharhlovchi Hasanov.

Muallif "o‘z siyosiy qarashlarini targ‘ib qilish yo‘lida filmlar namoyish qilayotgan har qanday xorijiy davlat"ning amallari naqadar qonuniy ekanini shubha ostiga oladi.

Janob Hasanovga ko‘ra, O‘zbekiston hali mart oyida Ukraina borasidagi o‘z mavqeini izhor qilgan, hamda Ukrainaning hududiy yaxlitligi va suverenitetini qo‘llab-quvvatlagan.

"G‘arb yo Rossiya"

O‘zbekiston rasmiysi va hukumatparast sharhlovchisining bu kabi chiqishlari rasmiy Toshkentning yangi siyosati G‘arbga yuzlanib, Rossiyadan yuz o‘girishga qaratilganmi, degan savolni uyg‘otadi.

Oxirgi oylarda AQSh yuqori lavozimli mulozimlari va harbiylarining O‘zbekistonga tashriflari ko‘paygan. Amerikalik rasmiylar O‘zbekistonning mintaqada harbiy jihatdan yaqin hamkorga aylanishi ehtimollariga ham ishora qilishmoqda.

Siyosiy tahlilchilarga ko‘ra, Vladimir Putin ma‘muriyati kuch-qudratni to‘plab o‘zining ta‘sir doirasi deb biluvchi Markaziy Osiyoda yanada ta‘sirini oshirish harakatiga tushgan. Biroq, ayni damda, Putinning qo‘shni Ukrainadagi isyonchilarni qo‘llab-quvvatlayotgani Islom Karimovdek mintaqaviy rahbarlarni havotirga solgan bo‘lishi mumkin.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Your contact details
Disclaimer