"Dangasalar"ni nima uchun vatanga qaytarishmoqchi?

Image copyright none
Image caption "Dangasalarni" nima uchun vatanga qaytarishmoqchi?

O‘zbekiston siyosiy sahnasida 2014 va 2015 yillar parlament va prezident saylovlari ila muhim bo‘lsa, oddiy odamlar uchun bu oraliq vaqt fuqarolar ustidan har tomonlama nazoratning eng kuchaygani ila tarix sahifalarida qolsa kerak. Hozirda Rossiyada ishlab yurgan millionlab mehnat muhojirlarini turli yo‘llar bilan o‘z vataniga qaytarish harakatlari avj olgan. Bunga militsiyadan tortib mahalla posbonlarigacha jalb etilgan.

Chetda ishlab kelgan mehnat muhojirlarining diniy va siyosiy qarashlarini sinchiklab tekshirish militsiya va maxsus xizmatlar zimmasida bo‘lsa, tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish mahalliy vrachlik punktlari va mahalla qo‘mitalariga yuklatilgan. Mahlla qo‘mitasi kotibalari uyma-uy yurib, chetga chiqib kelganlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tishga undamoqda.

Mehnat muhojirlarini yoppasiga vataniga qaytarish sabablari haqida har kim har xil fikr bildirmoqda. Bir tarafdan bo‘lajak saylovlarda ovoz beruvchilarning yuqori darajada faolligini ta‘minlash taxminlari bo‘lsa, ikkinchi tarafdan davlat rahbarining chetda yurgan o‘zbeklar mamlakat obro‘siga putur yetkazayotganidan cheksiz g‘azabda ekani bilan izohlanmoqda.

Albatta, bu taxminlarning qay biri to‘g‘riligi vaqt o‘tishi bilan ma‘lum bo‘ladi. Hozir gap uyiga yetib kelgan mehnat muhojirining boshiga tushayotgan tashvishlar to‘g‘risida. Militsiya va xavfsizlik xizmatida suhbatdan o‘tish, chetda kimlarni ko‘rganiyu, kimlar bilan yurgani haqidagi so‘rovlar biror bir diniy yoki siyosiy guruh tarkibida bo‘lmagani haqidagi tilxatga qo‘yish bilan yakunlanadi. Bu endi odatiy holga aylandi.

Lekin uyiga tiyinlab pul to‘plab kelganlar boshqa muammolarga ham duch kelmoqda va bu ularning hamyoniga jiddiy ziyon keltiryapti.

Ma‘lumki, Rossiya, Qozog‘iston va boshqa MDH mamlakatlarida ishlayotgan o‘zbek mardikorlari hamisha politsiya ro‘yxatiga tushib qolmaslik harakatida yuradi. Shu bois ular ba‘zan chegaralari shaffof bo‘lgan bir mamlakatdan boshqasiga, masalan, Rossiyadan Qozog‘istonga o‘tishda nazorat punktlarini chetlab o‘tishga odatlanadi. Buning o‘ziga yarasha sabablari bor ekan.

"Hozir Rossiyada o‘zbeklarni iloji boricha mamlakatdan haydab chiqarish va qaytib Rossiyaga kiritmaslik harakati avj olgan" deydi yoshi qirqdan oshgan vodiylik mehnat muhojiri. "Shuning uchun Rossiyadan chiqib kelishda ular o‘zbek muhojiri pasportiga bo‘lsa-bo‘lmasa "deport" muhrini bosib tashlayapti. Qaytib kelmasin deyapti-da. Endi bizzi o‘zbeklar nima qiladi, Qozog‘iston chegarasiga yaqinlashganda nazorat punktlarini turli yo‘llar bilan aylanib o‘tadi", deydi bu kishi.

Uning aytishicha, muhojir avtobusda qaytayotgan bo‘lsa bir nav, uni chegaraga yetmasdan to‘xtatib tushib qolish mumkin, biroq poyezdda kelayotganlar orasida katta tezlikda ketayotgan vagonlardan sakrab tushishlar tufayli jarohat olganlar ham ko‘p ekan.

Vodiylik bu mehnat muhojiri ham bir yil avval Rossiyada turib Belarusga o‘tib-qaytgan va qaytishda Rossiyayaga kirdi degan muhr pasportiga urilmagan ekan.

"Tuman pasport stoliga borsam, 400000 so‘m jarima yozib qo‘yishibdi, menga o‘xshab jarimaga tortilganlar tiqilib yotibdi", deydi u. Aksar hollarda jarima million so‘mdan tepada bo‘lar ekan.

O‘zbekiston qonunlariga ko‘ra, chegarani noqonuniy kesib o‘tish uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishga sabab bo‘lishi mumkin. Biroq "non" berib turgan Rossiyadan pasportiga "deport" muhrini urdirmaslik uchun aksariyat muhojirlar bilib yoki bilmay shu yo‘lni tutishga majbur bo‘lmoqda ekan.

Vaziyat bilan yaqindan tanish o‘zbek ekspertiga ko‘ra, qonunan olinsa, qamoqxonalar mehnat muhojirlari bilan allaqachon to‘lib ketgan bo‘lardi. Buni hukumatning o‘zi ham xohlamaydi va shu bois bunday qonunbuzarlarga katta-katta jarima solinmoqda.

"Bunday mardikorlar Rossiyadan turib faqat o‘z uyiga pul jo‘natgan bo‘lsa, kelganidan so‘ng jarimalar bilan davlat g‘aznasini to‘ldirishga yordam beradi", deydi ekspert.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu holat korruptsiyaning urchishiga ham sabab bo‘lmoqda ekan. Masalan, ko‘pchilik uzoq xorijga sayyohlik vizasi bilan chiqib ketadi va keyin borgan joyida ishlashga yoki o‘qishga qolib ketadi. Biroq vataniga qaytganidan so‘ng "nega sayyohlik vizasi bilan chiqib ishlab kelding" degan savolga ro‘baro keladi. Ularning changalidan faqat pul bilan qutulib chiqiladi, deydi u.

"Menga qo‘ysa 2015 yil o‘tguncha uyda hech qayerga chiqmay o‘tirgan bo‘lardim", deydi u vaziyatning jiddiyligini ta‘kidlash uchun.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02