Ukraina inqirozi: Isyonchilar maslahatchisi "qatllar"ni tan oldi

Ukraina sharqidagi isyonchilar bosh maslahatchisi "bosh-boshdoqlikni oldini olish uchun" mahkamasiz qatllar amalga oshirilganini tan oldi.

Igor Druzning BBCga aytishicha, "qatllar" qolgan isyonchi kuchlar uchun muhim ishora bo‘lgan.

Shuningdek, u Ukraina hukumati "terrorchi" tashkilot ekanini, fuqarolarga qarshi urush jinoyatlariga qo‘l urayotganini aytgan.

Ayni paytda Malayziya uchog‘i qulab tushgan joyda ikkinchi kundirki, tekshiruv ishlari olib borilmoqda.

Xollandiya va Avstraliya mutaxassislari "Malayziya havo yo‘llari"ning MH17 raqamli reysi halokatga uchragan joyni tozalashmoqda.

Uchoq raketa vositasida urib tushirilgani da‘vo qilinadi.

Aprel oyi Ukraina sharqida boshlanib ketgan ixtiloflarda 1,500dan ortiq odam nobud bo‘lganiga ishoniladi.

Isyonchilar mamlakat sharqida Kiyevdan mustaqil davlat e‘lon qilishgan.

Mart oyi Rossiya Ukrainaning Qrim mintaqasini o‘z tarkibiga qo‘shib olgandi.

Ayni paytda Qo‘shma Shtatlar va Ovro‘po Ittifoqi Rossiya Ukrainadagi isyonchilarni qurollantirayotganini aytib, qator jazo choralari joriy etgan.

Rossiya hukumati bu ayblovlarni rad etadi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02