O‘zbekiston oliygohlariga kirish imtihonlari qanday o‘tdi?

Image caption Bu yilgi imtihonlar qattiq nazorat ostida o‘tdi

O‘zbekistonda Oliy o‘quv muassasalariga kirish imtihonlari bu yil har yilgidan ham kuchli nazorat ostida o‘tgan.

BBC bilan suhbatlashgan abituriyentlar imtihon topshirish xonasiga kirguncha uch marta tekshiruv bo‘lgani va qizlar alohida xonaga kiritilib boshdan oyoq tekshirilganini aytishdi.

Lekin, shunga qaramasdan, auditoriyalarga uyali telefon va shpargalka olib kirishning uddasidan chiqqanlar bo‘lgan.

Jizzax Davlat Pedagogika Institutitiga kirish uchun imtihon topshirgan abituriyentlarning BBCga bildirishicha, bu yilgi nazorat har yilgidan kuchli bo‘lgan.

Dilshoda ismli abituriyent qizlarni alohida tekshirishganini aytadi: "Hammani tekshirdi. Qizlarni ayollar tekshirdi. Dahshat bo‘ldi bu yil. Qizlarni alohida xonaga olib kirib boshdan oyoq tekshirdi. O‘g‘il bolalarni militsiyalar apparat bilan tekshirgan. Uchta joydan tekshirishdan o‘tib keyin ichkariga kirdik", - deydi Dilshoda.

Pedagogika Institutiga topshirgan yana bir abituriyent Nargiza ham nazoratning har yilgidan kuchli bo‘lganini tasdiqlaydi.

"Telefon olib kirganlarni shunaqangi ushlayapti endi. Tuflilarni yorib ichiga telefon solgan. Qizlar sochlarining orasiga solgan. Skotch bilan oyoqlarining orasiga yopishtirib olgan. Militsionerlarning to‘lqinga signal beruvchi aparati bo‘larkan, o‘shanda aniqlayapti. O‘g‘il bolalarni militsiya tekshiryapti. Qizlarni esa pana joyga o‘tkazib 4-5 ta ayol tekshiryapti", - deydi Nargiza.

Lekin, shuncha tekshiruvlarga qaramasdan, auditoriyaga telefon olib kirishning uddasidan chiqqanlar bo‘lgan.

"Yonidan telefon chiqqan abiturentlarni telefoni va shpargalkasini yerga otib yuborib kirgizyapti. Lekin shuncha tekshiruvga qaramasdan, bitta auditoriyada 30 ta bola bo‘lsa, shundan 10 tasida telefon bor. Qanday qilib olib kirganini bilmayman, lekin olib kirishgan. Shundan 3 tasini MXX xodimi chiqarib yubordi", - deydi Nargiza.

Dilshodalarning auditoriyasida ham ikkita abituriyent telefon olib kirishning uddasidan chiqqan, ammo undan foydalana olmagan.

"Shuncha tekshiruvdan ham o‘tib ikkita qiz telefon olib kiribdi. Endi foydalanishni boshlayotganda o‘qituvchi ko‘rib qoldi. Uni imtihondan chiqarishmadi, o‘ituvchi ko‘rgani uchun o‘zi olib qo‘ydi. Menga yordamim chiqarib yubormaganim bo‘lsin, deb qo‘lidan olib qo‘ydi", - deydi Dilshoda.

Nargiza imtihon topshirishga kirgan auditoriyadan uch nafar abituriyentni Milliy Xavfsizlik Xizmati xodimlari telefon bilan ushlab olgach, dalolatnoma tuzib chiqarib yuborgan.

"U yoqqa bu yoqqa o‘tib yana qaytib kelib yana bittasini ushlab oldi. Ikkinchi marta ushlab olganidan keyin chiqarib yubordi. Bechora Samarqanddan kelgan ekan yig‘lab chiqib ketdi", - deydi Nargiza.

Nazorat kuchli bo‘lgani va o‘tgan yili kirish imtihonida o‘yin qilgan mas‘ul shaxslarning qamalishi ortidan bu yilgi abituriyentlar adolatdan umid qilishmoqda. Bilim bilan kiradigan ko‘p bo‘lishiga ishonch bor.

"Chunki o‘tgan yili ko‘pchilik gaplashgan ekan. Kontrakt 3 ming dollar, byudjet 4 ming dollar, superkontrakt degan narsalar 2 ming dollar. O‘sha gaplashilgan odamlarning hammasi o‘tgan yili ushlanibdi. Institutning rektori qamalib ketgan. Bu yil hamma o‘zidan xavfsirab o‘tiribdi. Koridorlargacha kamera qo‘yib qo‘yishibdi", - deydi Nargiza.

Bu yil O‘zbekistondagi Oliy o‘quv yurtlariga misli ko‘rilmagan darajada yarim milliondan ko‘proq abituriyent o‘qishga topshirgan.

Mamlakatdagi aloqa operatorlari imtihon vaqtida qing‘irliklarning oldini olish maqsadida SMS, MMS, GPRS va mobil internet xizmatlarini o‘chirib qo‘ygan.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02