Rossiyalik deputat prezident Karimov bilan til biriktirdimi?

Image caption "O‘zbekiston... borsammikan, bormasammikan..."

Rossiya parlamenti quyi palatasi deputati Ilya Drozdov Rossiyadan barcha o‘zbekistonlik mehnat muhojirlarini haydab chiqarish taklifi bilan chiqqan. Uni AQShning O‘zbekistonda harbiy baza ochish borasidagi xabar tashvishlantirib qo‘ygan.

Rossiyalik deputat AQShning bu maqsadini amalga oshirish uchun O‘zbekiston yo‘l ochib beradigan bo‘lsa, o‘z mamlakatida ishlayotgan barcha O‘zbekistonlik mehnat muhojirini chiqarib yuborish bilan javob berish zarur deya hisoblaydi.

Bu haqda Rossiya nashrlari xabar bergan.

Ilya Drozdov Rossiya parlamenti quyi palatasi (Davlat dumasi)ning MDH ishlari, Ovrosiyo integratsiyasi va vatandoshlar bilan munosabatlar qo‘mitasi a‘zosidir.

Uning so‘zlariga ko‘ra, agar O‘zbekiston o‘z hududida AQSh bazasini ochishga ruxsat bersa, bunga qarshi Rossiya rahbariyati darajasida qaror qabul qilish kerak.

"Agar biz O‘zbekiston bizga ortiq ittifoqchi emasligini aniqlab olsak, umuman olganda, raqibimizning harbiy bazasini joylashtirilishiga ruxsat berilishi ham ittifoqchi tomonidan qilinadigan harakat emas, Rossiyada birorta ham o‘zbekistonlik muhojirni qoldirmaslik uchun bir oy yetadi. Ana, ular AQSh bazasiga borib, pul ishlayverishsin", - degan janob Drozdov.

Deputatning so‘zlariga ko‘ra, bu AQShning Markaziy Osiyodagi harakatlariga nisbatan "normal, munosib munosabat" bo‘ladi.

Ma‘lumki, o‘tgan hafta AQSh Qurolli kuchlari Markaziy qo‘mondonligi qo‘mondoni general Lloyd Jey Ostin O‘zbekistonga safar qilgandi.

U O‘zbekistonda jumladan prezident Islom Karimov bilan uchrashgandi. Xuddi ana shu kunlarda Rossiya ommaviy axborot vositalarida O‘zbekistonda AQSh harbiy bazasi ochilishi haqida xabarlar tarqatilgan edi.

Hatto buning uchun Amerika O‘zbekistonga har yili 1 milliard dollar to‘lashi haqida xabarlar yangragandi.

Karimovning "ko‘nglidagini" topdimi?

Image caption "Hamma vatanga qaytsin!.."

Oradan bir necha soatlar o‘tiboq...bu xabarlar o‘z tasdig‘ini topmadi. Qaytaga AQShning Toshkentdagi elchixonasi va AQSh Qurolli kuchlari Markaziy qo‘mondonligi tomonidan rad etildi.

Lekin AQSh harbiy bazasi ochilishi tasdiq yo rad etilmasin, Rossiyalik deputat ayni O‘zbekiston prezidenti ko‘nglidagi gapni topib aytgan, deyishadi mahalliy tahlilchilar.

Chunki Rossiyada ishlayotgan O‘zbekistonlik mehnat muhojirlarini "dangasalar" va "tekinxo‘rlar" deb atagan Islom Karimov ularni o‘z mamlakatiga qaytarish yo‘llarini izlamoqda.

Ammo tahlilchilarga ko‘ra birgina o‘tgan yili O‘zbekistonga 6 milliard 600 million dollardan ortiq pul jo‘natgan mehnat muhojirlari yurtlariga qaytib borishsa ularni yetarli maosh beriladigan ish bilan kim ta‘minlaydi?

Rossiya Federal muhojirlik xizmati ma‘lumotlariga ko‘ra esa, birgina 2013 yilda O‘zbekistondan 3 million nafardan ortiq kishi Rossiyaga ishlash uchun borgan.

"Agar biz ishyoqmas bo‘lsak, yuborayotgan pullarimizga O‘zbekistonda yangi, zamonaviy uylar qurilarmidi, o‘g‘il uylantirib, qiz chiqararmidik, bolalarimizni kontraktga katta-katta pul berib o‘qita olarmidik", deydi Farg‘onaning Beshariq tumanidan ekanligini aytgan 45 yoshli Akmalali.

Taxlilchilarga ko‘ra esa, bordi-yu millionlab O‘zbekistonliklar chet ellardan O‘zbekistonga qaytib kelishsa, mamlakatda ijtimoiy va iqtisodiy qiyinchiliklar yuzaga kelishi mumkin.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02