O‘zbekiston-Turkmaniston-Eron-Ummon yo‘li yana kun tartibida

Image copyright AFP
Image caption Yangi yo‘l O‘zbekistonning dengizga chiqish imkoniyatlarini oshiradi

O‘zbekiston hukumati bildirishicha, Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov O‘zbekiston-Turkmaniston-Eron-Ummon naqliyot dahlizini barpo etishga qaratilgan uchrashuvda ishtirok etadi.

Vazirlar o‘rtasidagi uchrashuv 6 avgustda Ummon saltanati poytaxti Maskatda o‘tishi mo‘ljallangan.

O‘zbekiston-Turkmaniston-Eron-Ummon temir yo‘l naqliyot dahlizini yotqizish borasidagi kelishuv uch yil avval Turkmaniston poytaxti Ashxobodda o‘tgan uchrashuvda imzolangandi.

Mazkur naqliyot yo‘lini ochish tashabbusini 2010 yilda Ashxobodga safar qilgan Prezident Islom Karimov taklif qilgandi.

Dengizga chiqish yo‘li bo‘lmagan O‘zbekiston uchun mazkur naqliyot dahlizi o‘ta muhimdir.

Tomonlar ushbu yo‘lning ochilishi a‘zo davlatlar o‘rtasida yuk tashish va jahon bozoriga chiqish yo‘llarini oshirishiga umid qilishmoqda.

Eron mazkur yo‘l qurilsa, O‘zbekiston va Eron orasidagi mahsulot almashinuvi ikki baravar ko‘payib, 1 milliard dollarga chiqishini aytgandi.

Rasmiy Tehron, shuningdek, o‘z hududidan o‘tadigan bu yo‘l nafaqat Markaziy Osiyo, balki Rossiya va Xitoy uchun Fors va Ummon ko‘rfazlariga chiqish imkoniyatini yaratishini aytgan.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Your contact details
Disclaimer