Britaniyaga parvoz qilgan yo‘lovchi soxta tahdid tufayli hibsga olindi

Image copyright Reuters

Britaniyaga parvoz qilayotgan uchoq bortida soxta bomba tahdidini qilgan kishi Manchester aeroportida hibsga olingan.

Uchuvchi mazkur yo‘lovchining tahdidi haqida ma‘lumot uzatishi ortidan Qirollik Havo qo‘shinlarining harbiy qiruvchi uchoqlari Qatar havo yo‘llari uchog‘iga hamrohlik qilganlar.

Manchester politsiyasi ushbu hodisani o‘ta jiddiy qabul qilayotganini xabar qilgan.

Dohadan parvoz qilgan uchoq Manchester aeroportiga qo‘nishi bilan qurolli politsiya zobitlari uchoqqa chiqib yo‘lovchini hibsga olganlar.

Manchester aeroportiga uchoqlar qo‘nishi yoki undan uchishi 25 daqiqaga to‘xtatilgan.

Qatar havo yo‘llarining Airbus A330-30 uchog‘ida 269 yo‘lovchi va 13 havo yo‘llari xodimi bo‘lgan.

Qirollik Havo qo‘shinlari Typhoon qiruvchi uchog‘i uchuvchining yordam iltimosini olishi bilan Linkolnshir grafligidagi Koningsbi bazasidan havoga ko‘tarilganini ma‘lum qildi.

Yo‘lovchilardan biri Jon Hartli qiruvchi uchoqlarni havoda ko‘rganida yo‘lovchilar juda qo‘rqib ketishganini bildirdi. "Hozir ham qaltirayapman", - dedi u.

Yo‘lovchi nima uchun soxta bomba borligini aytib tahdid qilgani hozircha noma‘lum.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Your contact details
Disclaimer