O‘zbek hukumati hisob-kitobi: iqtisodiy o‘sishda qo‘shib yozish, zayom pulida urib qolishmi?

O‘zbekistonda 1992 yilgi 12 foizli ichki yutuqli zayom obligatsiyalariga nisbatan past koeffitsiyent belgilanishi mijozlarning noroziligiga sabab bo‘lgan.

Xalq banki bo‘limlari oldiga zayomni almashtirishga to‘plangan odamlar ushbu narxlarning noreal ekanligini bildirishgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda zayomlarga ko‘proq pul umidvor bo‘lishganini va orzulari chippakka chiqqanini yozishgan.

Qarshilik huquq faoli Nodir Ahatovning guvohlarga asoslanib ma‘lum qilishicha, Xalq bankining Qashqadaryo viloyati filialida to‘plangan tumonat odam birinchi mijoz obligatsiyalarini almashtirib chiqishi bilan norozilik bildirgan.

Xalq banki saytida ko‘rsatilgan raqamlar bo‘yicha, 1000 so‘mlik zayom topshirgan mijozga yutuq to‘lanmagan holda belgilangan 1,373 ga ko‘paytirilib 1373 so‘m berilgan.

"Janjal bo‘ldi, dedi. Pullarning foizini juda ham kam beryapti ekan, odamlar norozi bo‘lganidan keyin militsiyalar kelgan. Norozilarni ichkariga olib kirib ketishgan. Tanishimning aytishicha, u yerda odamlarni urganmi, "voy-dod", "dupur-dupur" tovushlar kelgan. Meni o‘zim ham obligatsiyani almashtirgani keluvdim, qochib ketdim, dedi", - deydi Nodir Ahatov.

Huquq faoli Xalq bankiga borganida, obligatsiyani almashtirish uchun kam sonli odamlarning o‘tirganiga guvoh bo‘lgan.

O‘sha yerda o‘tirgan mijozlar bankka militsiya kelganini va ayrim odamlarni bank hovlisiga olib kirishganini tasdiqlashgan.

Bank mijozlari Nodir Ahatov bilan suhbatda obligatsiyalarga belgilangan koeffitsiyentlar adolatsiz ekanligini, o‘sha vaqti 10 ming so‘mga bitta mashina olishgan bo‘lsa, bugun davlat almashtirayotgan pulga bir kilo go‘sht olish amrimaholligini bildirishgan.

Hodisaga aniqlik kiritish maqsadida Xalq bankining Qashqadaryo viloyati filialiga qo‘ng‘iroq qildik. Biroq ko‘rsatilgan telefon raqamlariga hech kim javob bermadi.

Obligatsiyalarga belgilangan narxlar Internet ijtimoiy tarmoqlarida ham bahs mavzusiga aylangan.

Ishtirokchilar, "zayomlarni topshirib o‘zlarini yettinchi osmonda his qilib yurishganini va orzu umidlar bilan mashina salonlarini aylanishganini" aytgan.

Bir Twitter foydalanuvchisi, "Ikkinchi jahon urushidan so‘ng yaponlar davlatning oyoqqa turib olishi uchun uylaridan tillo taqinchoqlarini olib kelib topshirganini, ushbu zayomlarga ketgan pul esa mijozlar tomonidan O‘zbekistonda davlat rivoji uchun qo‘shilgan hissa deya talqin qilinishi kerakligini", yozgan.

Twitterdagi bir foydalanuvchiga ko‘ra Gulistonda bir o‘qituvchi 100 ming so‘mlik zayomlarni navbatsiz topshirish uchun 100 dollar pora bergan.

Zayomlarni qabul qilib olish e‘lon qilinganidan so‘ng juda ham katta navbatlar vujudga kelgan edi.

O‘zbekiston davlat idoralarida ishlagan hozir Qozog‘istonda istiqomat qiluvchi iqtisodchi Saparboy Jubayev hukumat zayom chiqqan 1992 va 1994 yillardagi inflyatsiyani inobatga olmagan holda bugungi koeffitsiyentni belgilaganini aytadi.

"Hukumat o‘zbek so‘mi zarb qilingan 1994 yildan boshlab 2014 yilgacha bo‘lgan inflyatsiyani ko‘zda tutmoqda. Eng katta inflyatsiya esa 1992-93 va 94 yillarda bo‘lgan edi. Shu inflyatsiya ko‘zda tutilmay turibdi", - deydi Saparboy Jubayev.

Iqtisodchiga ko‘ra o‘sha vaqtdagi inflyatsiya ham ko‘zda tutilganda hozir koeffitsiyent 2000 deb olinishi va 1994 yili o‘zbek so‘mining qiymati ming barobar tushirilishi ortidan 1000 so‘mlik obligatsiyani 2 ga ko‘paytirish lozim.

Iqtisodchi, o‘sha vaqtdagi 10 ming so‘mga mashina sotib olish mumkin edi, deb solishtirish iqtisodiy nazariyalarga to‘g‘ri kelmasligini bildirdi.

"Chunki bugungi kunda sotib olish imkoniyati umuman boshqa. 1992 yilning birinchi iyulida Sovet davrining sistemasi saqlanib qolgandi. U vaqti non va ehtiyoj uchun zarur mollar juda arzon edi. Mashinalarning bahosi esa qimmat bo‘lgan", - deydi Saparboy Jubayev.

Sobiq davlat amaldori hukumatning hozirgi belgilagan koeffitsiyenti adolat nuqtai nazaridan olganda kamligini e‘tirof etadi. Biroq o‘sha davrdagi sotib olish qobiliyatini hozir hech bir davlat qayta tiklay olmaydi.

"Umuman unutib ketsa ham bo‘lardi, degan narsa-da bu. Unaqada odamlar "umuman unutib yubordi", deb gapirardi. Masalan, Sovet davrida bankka qo‘yilgan pullar deyarli yo‘q bo‘lib ketdi-ku", - deydi Saparboy Jubayev.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02