Britaniyaning G‘azo siyosatidan norozi baronessa Varsi iste‘fo berdi

Image copyright Getty

Britaniya Tashqi Ishlar vaziri o‘rinbosari baronessa Varsi hukumatning G‘azo masalasi bo‘yicha siyosati "ahloqan qabul qilib bo‘lmas" ekanligini aytib, iste‘foga chiqdi.

Bir vaqtlar Konservatorlar partiyasi raisi bo‘lgan baronessa Varsi 2010 yili bosh vazir Devid Kameron hukumati iqtidorga kelgan vaqti Vazirlar mahkamasining ilk musulmon a‘zosi bo‘lgandi.

Bosh vazir baronessa Varsiga yaxshi ishlagani uchun minnatdorchilik bildirib, G‘azoda "shartlarsiz otashkesimga" erishish tarafdori ekanligini bildirdi.

Ammo Britaniya moliya vaziri Jorj Osborn Varsi xonim iste‘fosini "afsuslanarli va ochig‘ini aytganda kerak bo‘lmagan amal", deya ta‘rifladi.

Baronessa Varsi o‘zining iste‘fosi haqida yozgan maktubida hukumatning G‘azo borasidagi siyosati "ahloqan qabul qilib bo‘lmas, Britaniya manfaatlariga zid va uzoq muddat nuqtai nazaridan xalqaro va ichki obro‘siga putur yetkazuvchi" deya ta‘riflagan.

"Men o‘zim qabul qilgan qarorlar yoda qo‘llagan qarorlarimdan qoniqqan bo‘lishim kerak. Hozirda hukumat tarkibida qolib o‘zimni shunday his qilishimga amin emasman", deya ilova qildi u.

Britaniya Bosh vaziri qarorgohi baronessa Varsining iste‘fosi munosabati bilan chiqargan bayonotida, "bizning siyosatimiz hamisha ochiq bo‘lgan. Biz G‘azodagi vaziyat toqat qilib bo‘linmasligi, ikkala tomonni ham zudlik bilan va hech qanday shartlarsiz otashkesimga erishishlariga da‘vat qilib kelganmiz", deya aytilgan.

Bosh vazir o‘rinbosari Nik Klegning aytishicha, G‘azo borasida turli fikrlar mavjudligi hech kimga sir emas va baroness Varsi bu borada qat‘iy mavqega ega bo‘lib kelgan.

Isroil raketa hujumlariga chek qo‘yish va G‘azodagi yer osti yo‘llarini yo‘qotish vajlari bilan iyul oyining 8 kuni hujumlarni boshlagan edi.

G‘azo rasmiylariga ko‘ra, o‘tgan to‘rt hafta mobaynida 1800 falastinlik o‘ldirilgan. Isroil tomonidan 67 kishi halok bo‘lgan.

Baronessa Varsi oxirgi bir necha kun mobaynida Twitter mikroblog tarmog‘ida G‘azo borasida o‘zining fikrlarini izhor qilib kelmoqda edi.

"Begunoh insonlarning qatli to‘xtamog‘i lozim. Ikkala tomon rahbarlari ham bu aziyatlarni to‘xtatmog‘i shart", deyiladi baronessaning twitlaridan birida.

"Yosh bolalarni o‘ldirishni oqlayotganlar, bas qiling. Siyosat qanday bo‘lmasin, buni hech ham oqlab bo‘lmaydi. G‘azodan qayg‘udaman", deb yozgandi u Twitterda.

Pokistonlik muhojir oiladagi besh qizdan biri bo‘lgan baronessa Varsi Lids Universiteti huquqshunoslik fakultetini bitirgan.

Qirollik Prokuraturasida o‘z ish faoliyatini boshlagan Varsi xonim keyinchalik shaxsiy advokatlik xizmatini tashkil qilgan.

Baronessa Varsi O‘zbekistonga Britaniya vakili sifatida qator tashriflar bilan borgan.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02