Afg‘onistonni NATO tark etishi mintaqa rahbarlarini xavotirga solgan

Image copyright Reuters

Markaziy Osiyodagi mamlakatlar hukumatlari Afg‘onistondan NATO qo‘shinlari olib chiqib ketilganidan keyin mintaqada xavfsizlikka qator tahdidlar yuzaga kelishi ehtimolidan ogohlantirmoqdalar.

Bu tahdidlardan biri Yaqin Sharqda jang qilayotgan jihodchi guruhlarning qo‘shni Afg‘onistonga qaytishidir.

Shuningdek, giyohvand moddalarni noqonuniy olib o‘tish ko‘payadi va qochqinlar soni ham ortadi, degan qo‘rquvlar bor.

Sobiq Sho‘ro davlatlari - O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston o‘z qurolli kuchlarining jangovor qobiliyatlarini oshirish choralarini ham ko‘rishni boshlaganlar.

Bu besh davlat aholisining aksarini musulmonlar tashkil qiladi.

O‘zbekiston va Tojikistonga tahdidlar

Image copyright Getty

Afg‘onistonning shimoliy qo‘shnilari bilan sarhadlari 2200 kilometrcha masofaga cho‘zilgan. 2001 yili Tolibon hokimiyati qudratdan ag‘darilganidan keyin nisbatan tinchigan Afg‘oniston shimoli yana zo‘ravonliklar sahnasiga aylangan. Tolibon va "Al-Qoida" bilan yaqin aloqalarga ega O‘zbekiston Islomiy harakatiga o‘xshash jangari guruhlar oxirgi vaqtlarda shimoliy Afg‘onistonda faoliyatlarini kuchaytirganlar.

Tojikistonning Afg‘onistonga chegaradosh Badaxshon mintaqasi 2012 yildan buyon qator xavfsizlik bilan bog‘liq hodisalarga guvoh bo‘ldi.

Ham Tojikiston va ham O‘zbekiston prezidentlari chegaralarni mustahkamlash va o‘z armiyalari qudratlarini oshirish zaruriyati muhimligini urg‘uladilar.

"(NATO kuchlari) olib chiqib ketilishi Afg‘onistonda ichki isyonkorlikning jiddiy tarqalishiga olib kelishi mumkin: ekstremizm, terrorizm va narkotik traffikini jiddiy ko‘paytirishi, nafaqat Markaziy Osiyoning, balki undan tashqaridagi sarhadlarning xavfsizlik va barqarorligiga tahdidni oshirishi mumkin", deb aytgandi O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov Shanxay Hamkorlik tashkilotining 2013 yil sentyabrida Qirg‘iziston poytaxti Bishkek shahrida bo‘lib o‘tgan sammitida.

Shu yilning may oyida janob Karimov NATO qo‘shinlarini Afg‘onistondan olib chiqish muddatini ortga surish taklifini ilgari surdi.

Turkmanistonga tahlikalar

Isyonchilarning Afg‘oniston hududidan Turkman chegara postlari va patrullariga bir necha bor hujumlar uyushtirgani, jangarilarning bu mamlakat hududiga o‘tishga uringanlari Tojikistonda faoliyat yuritadigan xususiy asiaplus.tj web-saytining diqqatini o‘ziga tortgan.

web-sayt bu haqda 3 iyun kuni maqola e‘lon qilgan.

Turkman muxolifatining chrono-tm.org web-saytida 2014 yil yanvarida e‘lon qilingan maqolasida jurnalist Aysha Berdiyevaning yozishicha, agar Tolibon jangarilari Afg‘onistonning Turkmanistonga chegaradosh viloyatlari ustidan nazoratni qo‘lga kiritsalar, ular Turkmaniston davlatining neytralitet maqomini rad etishlari mumkin.

O‘zbekiston Islomiy harakati tahdidlari

Mintaqadagi matbuot, Afg‘on hukumati va NATO tarqatayotgan xabarlar O‘zbekiston Islomiy harakatining shimoliy Afg‘onistondagi ko‘plab terrorchilik hodisalariga aloqadorligini tasdiqlaydi. Bu jangarilar mamlakatning faqat shimoliy chegaralari bilan cheklanib qolmasliklari borasida tabiiy xavotirlar yuzaga kelgan.

Shu yil iyun oyida e‘lon qilingan hisobotida BMT ekspertlari, "Al-Qoida"ga aloqadorlar, shu jumladan, O‘IH mavjudligi Afg‘oniston, Janubiy va Markaziy Osiyo hamda kengroq xalqaro hamjamiyatga to‘g‘ridan-to‘g‘ri terrorchilik xatarini yaratadi", deb yozganlar.

Markaziy Osiyoga nisbatan O‘zbekiston Islomiy harakati "mustaqil siyosiy dasturga ega, bunda Afg‘oniston shimoli strategik rolni o‘ynaydi", deb yozgan chrono-tm.org web-sayti shu yil may oyida.

Tojik xavfsizlik zobiti, polkovnik Umed Nazarovning iyun oyida qayd etishicha, Afg‘onistonning qator viloyatlarida "terrorchilik faoliyatining kuchaygani" Markaziy Osiyoga bostirib kirishga "potentsial tayyorgarlikdan nishona bermoqda". Dushanbe shahrida joylashgan Farazh web-sayti yozishicha, boshqa ekspertlar Afg‘oniston tashqarisidagi kuchlar NATO qo‘shinlarining hududda qolish muddatini uzaytirish maqsadida mintaqani beqarorlashtirishlari mumkinligi haqida ogohlantirgan.

Olmoniyalik Markaziy Osiyo va Pokiston bo‘yicha ekspert Gunter Knabe ham O‘zbekiston Islomiy harakatining yana faollashishidan Toshkent hukumati uchun xavotirlarga qator sabablarni ko‘radi. Iyul oyida Gunter Knabening Deutsche Welle radiosiga aytgan so‘zlaridan uznews.net web-sayti shunday iqtibos keltirgan: O‘IH mintaqaning siyosiy va harbiy kelajagi uchun kurashda ahamiyatli rol o‘ynashga tayyorligini namoyon etmoqda".

O‘IH tarixi

O‘IH(Turkiston Islomiy Firqasi, Turkiston Islomiy harakati va Tahriki Islomii O‘zbekiston nomlari bilan ham tanilgan) guruhi 1990 yillar boshlarida O‘zbekiston hukumatini ag‘darib islomiy xalifalik barpo etish maqsadida tashkil etilgan. Keyinroq o‘z maqsadi hududini butun Markaziy Osiyoga yoyishga qaror qilgan.

1990 yillar oxirida O‘IH Afg‘onistondan panoh topadi. O‘zbekiston hududida guruh a‘zolariga qarshi hukumat tomonidan ko‘rilgan qattiq choralar va mamlakat ichkarisida yetarli dastakka ega bo‘lolmagan guruh avval Tojikiston, keyin esa Afg‘onistonga ko‘chishga majbur bo‘ladi.

AQSh yetakchiligidagi kuchlarning 2001 yilda Afg‘onistonga ishg‘oli paytida O‘IH katta talofotlar beradi va Pokistonning qavmlar nazorati ostidagi hududlardan panoh topadi.

AQSh kuchlari tomonidan 2003 yildan keyin O‘IHning kamida uch rahbari o‘ldirilgan.

O‘IH Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlarida kichik guruhlarni tashkil etgani xabar qilingan: Qozog‘istonda "Jund al-Xilafa", Qirg‘izistonda "Jaysh al-Mahdi" va Tojikistonda "Jamoati Ansorulloh".

Image copyright BBC World Service

Pokistondagi harbiy amaliyotlar O‘IH jangarilarini shimoliy Afg‘onistonga qochib o‘tishga majburlagan deb ishoniladi.

O‘IHning Karachi aeroportiga hujum uchun mas‘uliyatni o‘z zimmasiga olishi ortidan 2014 yil 15 iyunida Pokiston xavfsizlik kuchlari asosan shu guruhni nishonga olib harbiy amaliyotlarni boshladi.

Oxirgi yillardagi ko‘plab yo‘qotishlarga qaramasdan, O‘IH Vaziristonda faoliyat yuritayotgan "eng harbiy qobiliyatli va matbuot e‘tiborini tortayotgan jihodiy kuch bo‘lib qolmoqda", deb yozdi Pokistonda nashr qilinadigan "Yangiliklar" ro‘znomasi. Bugun O‘IH a‘zolari orasida O‘zbek, Tojik va Qirg‘iz millatiga mansublardan tashqari Uyg‘ur, Turkman, Turk, Afg‘on, Arab, Xitoylik, Chechen, Olmon, Norveg va Ruslar ham bor, deya qo‘shimcha qiladi ro‘znoma.

Rossiya harbiy aralashuvi

Rossiya Tojikiston va Qirg‘izistonda o‘z harbiy bazalarini saqlab qolish maqsadida bu mamlakatlarga 200 million va 1 milliard 100 million dollarlik ko‘mak va‘da qilgan. Buning evaziga Tojikistondagi Rossiya bazasini 2042 yilgacha qoldirishga, Qirg‘izistondan esa AQSh bazasini shu yilda yopishga erishishga qaror qilingan.

Tojikistonda Rossiyaning eng yirik xorijiy harbiy bazasi joylashgan, u yerda 7000 tacha harbiy xizmat qiladi.

Rossiya o‘z chegarachilarini Tojikiston sarhadlariga ham joylashtirishni istaydi, biroq bunga Dushanbe ro‘yxushlik bermay keladi. Rossiya chegarachilari Tojik-Afg‘on chegarasidan 2005 yilda olib chiqib ketilgan edi. Mintaqa mamlakatlari orasida Afg‘oniston bilan umumiy sarhadi eng uzuni Tojikistondir.

Moskvadagi Markaziy Osiyo bo‘yicha tahlilchi Aleksey Malashenko aytishicha, Rossiya harbiylari Afg‘onistondan kelayotgan tahdidni bo‘rttirib ko‘rsatishni yoqtiradilar, chunki bu "Rossiyaning mintaqadagi siyosiy va harbiy hozirligini saqlab qolish uchun bahonadir".

Biroq real xatar mavjud, buni 2014 yil fevrali va mayida Afg‘on chegarasini qo‘riqlab turgan olti Turkman chegarachisi o‘ldirilgani ham tasdiqlaydi.

Jihodchilarning Yaqin Sharqdan qaytishlari

Xabarlarga ko‘ra, yuzlab asli markaziy osiyolik jangarilar Suriya va Iroqda yuz berayotgan janglarda ishtirok etmoqdalar.

Qozog‘istonlik olim Yerlan Karin aytishicha, markaziy osiyoliklarni Iroq va Shom Islomiy Davlati(IShID) saflariga yollash hamon davom etmoqda. Janob Karin so‘zlariga ko‘ra, bu guruhlar son jihatidan kichik bo‘lishlari mumkin, biroq ular "juda faol va juda radikal". Bu jangarilardan kelajakda o‘z vatanlariga qarshi foydalanishlari mumkin. "Bunday hodisalar allaqachon yuz bermoqda. Suriyadan vataniga qaytgan Qirg‘izistonning 25 fuqarosi qamoqxonada terrorchilik xurujini tashkillashtirishga urindilar", deya Karindan iqtibos keltirgan iyun oyidagi maqolasida Olma-Otada joylashgan tengrinews.kz web-sayti.

Qozg‘iston xavfsizlik rahbari Nurtay Abikayev "radikal diniy mafkuralarni eksport qilish" tahdidlari mavjudligidan xavotir bildirib chiqdi. "Terrorchi qo‘poruvchilik harakatlarini sodir etish tajribasini qo‘lga kiritgan va radikal mafkuralarni o‘rgangan" Qozog‘iston fuqarolari vataniga tahdid uyg‘otishi haqida aytgan Nurtay Abikayev. Shuningdek, u davlat chegara idorasini rivojlantirish va jihozlash bilan bog‘liq 2020 yilgacha mo‘ljallangan har taraflama reja ishlab chiqilgani, yangi chegara postlari barpo etilishi, yangi avtomobil va asbob-uskunalar xarid qilish mo‘ljallangani haqida aytgan Ostonada joylashgan "Kazaxstanskaya pravda" ro‘znomasiga.

"Hizbut-Tahrir" xatari

Image copyright BBC World Service

Markaziy Osiyo mamlakatlari "Hizbut-Tahrir" tahdidi bilan ham ro‘para kelgan.

Pokistonda joylashgan Ummat ro‘znomasi web-saytining 14 iyun kuni yozishicha, Karachi aeroportiga hujumdan keyin O‘zbek jangarilari guruhining safi ortgan. Bunga yoshlarning Tahrik-e Taleban Pakistan yoki Pokiston Tolibonidan qoniqmasligi, harbiy amaliyotlar va dron hujumlari sabab bo‘lgan, deb aytishgan Pokiston ro‘znomasiga qavmlar nazoratidagi hududlardagi ishonchli manbalar.

O‘sha manbalarga ko‘ra, O‘IH jangarilari aksarining "Hizbut-Tahrir" bilan aloqalari bor, chunki ularni islomiy xalifat barpo etish g‘oyasi birlashtiradi. Guruh Afg‘oniston sharqi va janubida, shimoldagi Qunduz viloyatida harbiy tayyorgarlik markazlarini tashkil etgan. U yerlarda tayyorgarlikdan o‘tgan jangarilar tez-tez Checheniston, Yaqin Sharq, Suriya va Iroqqa safar qilib turadilar.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02