72 soatlik o‘t ochishni to‘xtatish G‘azoga tinchlik keltiradimi?

Image copyright .

Aftidan, bunga hech qaysi tomon ishonayotgani yo‘q.

5 avgust ertalabki soat 8 dan Isroil va Hamas o‘t ochishni 72 soatga to‘xtatishga kelishganlar.

Isroil G‘azo bo‘lgasiga kiritilgan quruqlik qo‘shinlarini o‘z hududiga olib chiqqan.

Qohiraga tinchlik muzokaralari uchun Hamas vakillari borganlar.

Isroil ham o‘z guruhini yuborgan, biroq ularga Misr vositachiligidagi muzokaralarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilish vakolati berilmagan.

O‘t ochish to‘xtatilganidan foydalangan g‘azoliklar o‘z uylariga qaytganlar, biroq Isroil chegarasiga yaqin Bayt-Xanun shahrida BBC muxbiriga o‘zlarining ahvoli haqida gapirgan 80 yoshli Halil Za‘nun oilasiga o‘xshab ko‘plab g‘azoliklar uylari o‘rnida vayronalarni topganlar.

G‘azodagi rasmiylarga ko‘ra, 8 iyulda boshlangan Isroilning havo hamda quruqlikdan amalga oshirgan hujumlari oqibatida halok bo‘lgan insonlarning soni qariyb 1900 ga yetgan.

BMTga ko‘ra, halok bo‘lganlarning 68 foizi tinch fuqarolar tashkil etgan.

Isroilning 63 askari, to‘rt tinch fuqarosi halok bo‘lgan.

485000 inson yashab turgan joylarini tark etishga majbur bo‘lganlar.

G‘azo Iqtisodiyot vaziri Taysir Amro aytishicha, qariyb bir oylik hujumlar G‘azo bo‘lgasiga 6 milliard dollarlik shikast yetkazgan.

Isroil Mudofaa qo‘shinlari tarqatgan bayonotga ko‘ra, Hamas jangarilariga G‘azo bo‘lgasidan Isroil hududiga o‘tib hujumlarni amalga oshirishga imkoniyat beradigan 32 tunnel vayron etilgan, 3000 raketa yo‘q qilingan, 900 "terrorchi" o‘ldirilgan.

Isroil rasmiylari 11 iyul kuni uch isroillik o‘spirin o‘limiga aloqadorlikda gumon qilingan falastinlikni hibsga olganlar.

Uch o‘spirin o‘limi G‘azodagi so‘nggi urushga yetaklagan asosiy sabab bo‘lgan edi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02