Rossiya G‘arbdan oziq-ovqat keltirishni taqiqladi

Rossiya Ovro‘po Ittifoqi, Qo‘shma Shtatlar va boshqa G‘arb davlatlaridan oziq-ovqat importiga "to‘la embargo" e‘lon qilmoqda.

Bu Ukraina masalasida Rossiyaga qarshi e‘lon qilingan jazo choralariga javobdir.

Bosh vazir Dmitriy Medvedevning aytishicha, importi taqiqlanadigan mahsulotlar sirasiga meva,sabzavot, go‘sht, sut va sut mahsulotlari kiradi.

Avstraliya, Kanada va Norvegiya davlatlari oziq-ovqat eksporti ham bundan istisno emas.

Rossiya, shuningdek, Ukraina havo yo‘llari uchoqlari o‘z hududidan kesib o‘tishini ham taqiqlamoqda.

Medvedev bu haqda hukumat qo‘mitasi yig‘inida gapirgan.

Chorshanba kuni Prezident Vladimir Putin "milliy manfaatlarni himoya qilish maqsadida" maxsus iqtisodiy choralarga qo‘l urishga oid farmonga imzo chekkandi.

Farmon Rossiyaga qarshi jazo choralari e‘lon qilgan mamlakatlardan yil davomida qishloq xo‘jalik mahsulotlari, xomashyo va oziq-ovqat keltirishni taqiqlaydi.

Prezident Putinni Ukraina sharqidagi vaziyatni beqarorlashtirishda ayblayotgan AQSh va Ovro‘po Ittifoqi yaqinda Rossiyaga qarshi jazo choralarini kuchaytirgan.

G‘arb, xususan OI jazo choralarining ta‘siri ikki tomonlama bo‘lishi va bundan o‘zi ham zarar ko‘rishini tan olgandi.

Ammo, g‘arblik siyosatchilarga ko‘ra, Prezident Putin bundan boshqa chora qoldirmagan.

Sanktsiyalar Rossiya iqtisodi va shaxsan janob Putin uchun og‘riqli bo‘lishi aytiladi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02