Tojikiston: Ijtimoiy tarmoqlar va muxolifat bosim ostida

Tojikiston 2015 yil fevral oyidagi parlament saylovlariga hozirlanarkan, hukumat ijtimoiy tarmoqlar va siyosiy muxolifatga qarshi bosimlarini kuchaytirmoqda.

Mamlakat Axborot Xizmati qarorgohi xorijda joylashgan qator ijtimoiy tarmoqlarga to‘siq qo‘ygan. Muxolifat rahbarlari hukumatni o‘zgacha qarashdagilarga zarba berish uchun "g‘ayrioddiy" usullarni qo‘llayotganlikda ayblashadi.

YouTube va Odnoklassniki to‘sib qo‘yildi

9 iyulda ba‘zi internet provayderlari rasmiylarning "og‘zaki ko‘rsatmasi" asosida YouTube video-portaliga to‘siq qo‘yganlari haqida mahalliy mustaqil matbuot xabar berdi.

10 kun o‘tib, Rossiyaning Odnoklassniki.ru internet ijtimoiy tarmog‘iga kirish imkonsiz bo‘lib qoldi.

Tojikistondagi BBC Monitoring bilan suhbatlashgan foydalanuvchilar shu kunlarda ham bu ikki sayt yopiq qolayotganini bildirishgan.

Tojik axborot guruhlari hukumatning ma‘lumot manbalarini bo‘g‘ishdek "noqonuniy xatti-harakatlari"ni qoralab chiqishgan.

Image copyright BBC World Service
Image caption Vaqti-vaqti bilan Facebook ijtimoiy tarmog‘iga ham to‘siq qo‘yib kelingan

Ammo, mamlakat Axborot Xizmati ayblovlarni rad etarkan, muammoni "texnik sabablar" bilan izohlagan.

Interfax axborot agentligining xabar qilishicha, oldinroq internet provayderlari uyushmasi rahbari ijtimoiy tarmoqlarda "Suriyada jang qilayotgan tojik jangarilari" faol bo‘lib qolganlarini aytgan va ayni mana shu holat hukumatni ushbu saytlarga to‘siq qo‘yishga undagan bo‘lishi mumkin.

Biroq, Tojikiston hukumati mamlakatda ommabop ijtimoiy tarmoqlarni ilk bor berkitayotgani yo‘q.

Yaqin yillar asnosida YouTube bilan birga Facebook ijtimoiy tarmog‘iga ham vaqti-vaqti bilan to‘siq qo‘yib kelingan.

Tojikiston Axborot Xizmatiga ko‘ra, mamlakatning 8 millionlik aholisining qariyb yarmi internetdan foydalanish imkoniyatiga ega.

Mustaqil telekanallar yo‘q

Tojikiston hukumati turli yo‘llar bilan mustaqil shaxslar va muxolifat guruhlarning TV kanallar ochish uchun litsenziya olish harakatlariga xalaqit berib keladi.

Mamlakatdagi mustaqil televizion kanallar tashkil qilishga oid qator sa‘y-harakatlar hozirgacha natijasiz qolmoqda.

2013 yil avgustida Moskvada tojik tilida "Safo" sun‘iy yo‘ldosh telekanali ish boshlagan va Tojikiston ichkarisidagi mustaqil telekanallarni cheklash siyosati samara bermagandek ko‘ringandi. Ammo, "Safo" 8 noyabrga kelib faoliyatini to‘xtatdi.

Bir kun o‘tib, xususiy TojNews axborot agentligi Hotbird sun‘iy yo‘ldoshi orqali efirga uzatiladigan TV tarmog‘i hujumga tutilgani haqida xabar berdi.

Tojikiston "Teleradiokom" shirkati to‘lqinlarni bo‘g‘ishda mas‘ul ko‘rilgan, ammo shirkat mamlakatda bu kabi texnik imkoniyatlar yo‘qligini aytib, ayblovlarni rad etdi.

Muxolifatga bosimlar

Ayni paytda tojik siyosiy muxolifatiga bosimlar oshib bormoqda. Tojikiston Islomiy Uyg‘onish Partiyasi yuqori martabali a‘zolaridan biri Saodatsho Adolatov "diniy adovat qo‘zg‘ash" ayblovlari bilan 5 yilga ozodlikdan mahrum etildi.

Muxolif partiya unga qo‘yilgan ayblovlar "yolg‘on" va "uning siyosiy faoliyatiga javob" deb ishonadi.

Joriy yilning fevralida "AsiaPlus" axborot agentligi rasmiylar Tojikiston Islomiy Uyg‘onish Partiyasi yig‘inlarini buzish uchun ayollardan foydalanayotgani va SMS maktublar orqali partiya a‘zolariga tahdidlar qilinayotgani haqida xabar berdi.

Tojikistonning korruptsiyaga qarshi kurash agentligi Tojikiston Islomiy Uyg‘onish Partiyasi rahbari Muhiddin Kabiriyning mol-mulkiga qarshi ish ochgan.

2013 yilning dekabrida esa, tadbirkor va sobiq sanoat vaziri Zayd Saidov qator jiddiy ayblovlar bilan 26 yilga hukm qilindi.

U 2013 yilning mayida yangi muxolif partiya tuzish niyatini e‘lon qilishi ortidan hibsga olingandi.

Mazkur amallar "Tojik muxolifatini moliyaviy zaiflashtirish"ga qaratilgan deb ko‘riladi.

Yana bir xususiy Ozodagon haftalik nashri hukumat "barcha usullar bilan dissidentlarni bostirishni" istashi haqida yozgan.

Oldinda parlament saylovlari

Internetdan foydalanuvchilar o‘sib borarkan, web matbuotini qattiqroq jilovlash harakatlari an‘anaviy tus olgan. Ayniqsa, bu ijtimoiy-siyosiy tadbirlar, jumladan, saylovlar payti yaqqol kuzatiladi.

Ammo, kuzatuvchilarga ko‘ra, matbuot, internet va muxolifatga bu qadar keng miqyosli bosim 2005 yil parlament saylovlaridan beri yo‘lga qo‘yilmagandi. O‘shanda Ukraina va Gurjistondagi "rangli inqiloblar" va Qirg‘izistonda prezident Asqar Aqayevning ag‘darilishi manzarasida kuzatilgandi.

"Aftidan, Tojikiston jamiyatiga bosim kuchayadi va bu barcha hatti-harakatlar parlament saylovlari oldidan muxolifatga qarshi katta ko‘lamda hujum kutilayotganiga ishora qiladi", deydi Markaziy Osiyo-Qofqoz instituti va Ipak yo‘li tadqiqotlari dasturi qo‘shma markazi tadqiqotchisi Qirg‘izbek Qonunov.

Boshqa bir siyosatshunos Parviz Mullajonov mazkur amallarni inqirozdan chiqishning yo‘li sifatida ko‘rmaydi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02