Obama Iroqdagi Islomiy jangarilarga qarshi havo hujumlarini ma‘qulladi

Image copyright AFP
Image caption Barak Obamaga ko‘ra, Iroqqa qayta qo‘shin jo‘natilmaydi

Qo‘shma Shtatlar Prezidenti Barak Obama Iroq shimolidagi Islomiy jangarilarga qarshi havo hujumlari uyushtirishga oid farmonni imzolagan.

Ammo, Obama janoblari Iroqqa qayta qo‘shin jo‘natish niyatida emasligini aytgan.

Unga ko‘ra, diniy ozchiliklarni qirg‘in qilinishini va yo AQSh manfaatlariga tahdid solishi oldini olish uchun havo hujumlarida "Islomiy Davlat" jangchilari nishonga olinadi.

Hujumlar hali boshlanmagan, biroq Qo‘shma Shtatlar jangarilar tahdidi ostida qolgan iroqliklarga havodan ichimlik suvi va oziq-ovqat kabi insonparvarlik yordamlari yetkazgan.

"Islomiy Davlat" Iroqning katta nasroniy jamoasi istiqomat qiluvchi Qoraqush shaharchasini bosib olgan va mahalliy odamlar o‘z uy-joylarini tashlab qochishga majbur bo‘lishgan.

Image copyright Reuters
Image caption Kurd qo‘shinlari

Birlashgan Millatlar Tashkiloti hisob-kitoblariga ko‘ra, Sinjar shaharchasi 200, 000 aholisi boshpanasiz qolgan va 50, 000ga yaqin yazidiylar tog‘u toshlarda jon saqlashmoqda.

Rasmiylarning ogohlantirishlaricha, agar ocharchilik va suvsizlikka jonlarini olib qochgan yazidiylarga yordam ko‘rsatilmasa, ular "Islomiy Davlat" jangchilari qirg‘iniga yuz tutadilar.

Janob Obamaga ko‘ra, Iroq hukumati yordam so‘ragan va Amerika "ehtimoliy qatliomni oldini olish uchun ehtiyotkor va mas‘uliyat bilan" ish tutadi.

Sobiqda IShID (Iroq va Shom Islomiy Davlati), deb atalgan sunniy musulmonlardan iborat guruh bir necha oy ichida Iroq shimoli va Suriyadagi qator hududlar nazoratini qo‘lga kiritgan.

Iyun oyi shimoliy Mosul shahrini bosib olgach, janubga, Bag‘dod tarafga ilgarilay boshlagan.

Hozir "Islomiy Davlat" Iroq va Suriya katta mintaqalarida hukumronlik o‘rnatgan va Islomiy xalifalik barpo etganini da‘vo qilgan.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02