G‘azoda uch kunlik otashkesim

Image copyright Reuters
Image caption Isroilning jangarilar hujumini qaytarish bahonasi bilan boshlangan amaliyotlarida hozirga qadar 2000 ga yaqin asosan tinch falastinliklar qurbon bo‘lgan

Isroil va Falastinning Hamas guruhi dushanba kunidan boshlab uch kunlik otashkesimga kelishganlar.

Kelishuvga Misr tomonidan bir necha kundan beri jadal davom etgan murosasozlik amallaridan keyin erishilgan.

Agar otashkesim shartlari buzilmasa Isroil Qohiraga o‘z muzokarachilarini jo‘natishi va uzoq muddatga mo‘ljallangan shartnoma yuzasidan maslahatlar boshlanishi mumkin.

Isroilning jangarilar hujumini qaytarish bahonasi bilan boshlangan amaliyotlarida hozirga qadar 2000 ga yaqin asosan tinch falastinliklar qurbon bo‘lgan.

Isroil tomonidan qurbonlar soni 67 nafar ekani aytiladi.

Ulardan uch nafari tinch fuqarodir.

Otashkesim boshlanishidan daqiqalar avval jangarilar Isroil tomon raketalar otishgani va ulardan biri Tel Avivga tushganini aytishgan.

Isroil havo hujumi yakshanba oqshomi ham davom etgan.

Isroil Mudofaa kuchlarining Ynet sahifasiga ko‘ra, otashkesim boshlanishidan avval shimoliy G‘azodagi tunnelda bir jangari o‘ldirilgan.

Bu Isroil amaliyotlari boshlanganidan beri ikkinchi otashkesimdir.

Birinchi otashkesim juma kuni nihoya topgandi.

O‘shandan beri Isroil havo hujumlari oqibatida 20 nafar falastinlik qurbon bo‘lgan.

Ikki isroillik raketa hujumlarida yaralangani aytiladi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02