Snaryadlar tushgan Donetsk qamoqxonasidan xavfli mahbuslar qochgan

Image copyright d
Image caption Devori o‘pirilgan qamoqxona

Ukraina sharqidagi Donetsk shahri chetida joylashgan o‘ta qattiq qo‘riqlanuvchi qamoqxonaga snaryadlar kelib tushishi oqibatida 106 nafar mahbus qochishga muvaffaq bo‘lgan.

Mahalliy rasmiylarga ko‘ra, bir mahbus nobud bo‘lgan, 5 nafari yaralangan. Qamoqxonaning ikki qo‘riqchisi ham jarohat olgani xabar qilinadi.

Aytilishicha, Ukraina hukumati artilleriyasi rossiyaparast bo‘lginchilar nazoratidagi Donetsk shahri atrofini nishonga olayotgan bo‘lgan.

Ukraina qamoqxona nozirligi hozirgacha qochib chiqqan mahbuslarning 34 nafari qamoqxonaga qaytarilganini, boshqalarni qidirish ishlarining davom etayotganini bildirgan.

Qamoqxona xizmati vaziyatni "mushkul, ammo uddalasa bo‘ladigan" deya ta‘riflagan.

Mahbuslar boshpanaga ko‘chirilgani va ruhshunos yordami ham ko‘rsatilayotgani ma‘lum qilindi.

Donetsk shahri kengashi voizi Maksim Rovinskiyning aytishicha, qamoqxonadan qochgan ba‘zi mahbuslar qotillik, o‘g‘irlik va jinsiy tajovuz kabi ayblovlar bilan o‘tirganlardir.

Havo yo‘lagi?

Ukraina hududga insonparvarlik yordamlarini kiritish ehtimolini ko‘rib chiqmoqda. Mintaqada yashovchi fuqaro elektr quvvati va yo oziq-ovqat zahiralarisiz mushkulotlarga duch kelishmoqda.

Ko‘proq Donetsk va Lugansk shaharlarida yerto‘lalar va bombapanalarda jon saqlayotgan insonlar qiynalayotgani aytiladi.

Rossiya havo yo‘lagi tashkil qilishni taklif qilgan, biroq Kiyev va G‘arb davlatlari shu bahonada chegaraga Rossiya harbiy kuchlari keltirilishidan xavotirda.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, aprel oyi ixtiloflar boshlanib ketganidan beri 1,500ga yaqin odam nobud bo‘lgan.

Isyonkorlar mamlakat sharqida Ukrainadan mustaqil Donetsk Xalq Respublikasini e‘lon qilishgan.

Janglar tufayli yuz minglab odamlar boshpanasiz qolishgan, ko‘plar Rossiyaga qochib o‘tgan.

Beqarorliklar "Malayziya havo yo‘llari" uchog‘i halokati bo‘yicha to‘la tekshiruv o‘tkazishga xalaqit bermoqda.

298 kishini olib ketayotgan samolyot 17 iyul kuni bo‘lginchilar nazoratidagi mintaqaga qulab tushgandi. Ba‘zi jabrlanganlarning jasad qoldiqlari hamon hududda qolmoqda.

Uchoqning rossiyaparast bo‘lginchilar tomonidan urib tushirilganiga qattiq ishoniladi. Ammo, Rossiya va bo‘lginchilar bunda Ukraina harbiylarini ayblaydilar.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02