Uzwebiston: Rossiyaliklar nega o‘zbek mashinalarini kam sotib olishyapti?

Image copyright none

Yilning o‘tgan yetti oyi davomida Rossiyada O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan avtomobillarni sotish kamayib ketgan. o‘tgan yilning ayni shu davriga qiyoslaganda avtomobil savdosi 14 foizga pasaygan.

Joriy yilning yanvar-iyul oylarida Rossiyada 26, 860 dona GM Uzbekistan mashinalari sotilgan.

Bu borada Yevropa biznes uyushmasi Avtomobil ishlab chiqaruvchilar qo‘mitasi ma‘lumot bergan.

CA-NEWS websaytida yozilishicha, O‘zbekiston mashinalarini sotib olish ayniqsa iyul oyida keskin kamayib ketgan.

Agar o‘tgan yilning ayni shu oyi bilan taqqoslansa, GM Uzbekistan qo‘shma korxonasi mashinalarini sotish deyarli 30 foizga kamayganini ko‘rish mumkin.

Yilning o‘tgan oylarida GM Uzbekistanda tayyorlangan biron-bir mashina Rossiyada eng ko‘p sotilgan 25 ta xaridorgir avtomobil qatoriga qo‘shilmagan.

Ayni bir paytda O‘zbekiston mashinasozlik korxonasi Rossiyada avtomobil sotish hajmi bo‘yicha 17-o‘rinni egallagan.

Vaqtida rossiyalik avtomobilsozlar Rossiya prezidenti Putinga murojaat qilib, GM Uzbekistan mahsulotlarini mamlakat hududiga olib kirishni, ya‘ni sotishni cheklashni so‘rashgandi.

Ular O‘zbekiston hukumatining chet el mashinalari, jumladan, Rossiyada tayyorlanadigan avtomobillarni o‘zbek bozorida sotish uchun qiyinchiliklar yaratgani uchun ham bu chora qo‘llanishi zarur degan fikr bildirishgandi.

Ayni bir paytda, Rossiya matbuoti xabarlariga ko‘ra, Rossiyada faqat O‘zbekiston avtomobillari emas, balki umuman mashinalar savdosi kamayib ketgan.

Tahlilchilar bu kamayish yil oxirigacha o‘sib borishini taxmin qilishmoqda.

Albatta, Rossiyada mashina savdosi bozorida xaridor kamayotganligi bu yerda sotiladigan o‘zbek mashinalariga ham ta‘sir ko‘rsatadi, deyishadi tahlilchilar.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02