Haydar Abadi yangi Iroq bosh vaziri sifatida olqishlanmoqda

Image copyright .

Haydar Abadining Iroq Bosh vazir lavozimiga tayinlangani olqishlanmoqda.

AQSh Prezidenti Barak Obama janob Abadini keng qamrovli milliy birdamlik hukumati tuzish va Islomiy Davlat jihodchilariga qarshi samarali kurashga chaqirgan.

Eron Oliy Milliy Amniyat Kengashi Haydar Abadini Iroq Bosh vaziri bo‘lgani bilan tabriklagan.

Iroqning amaldagi Bosh vaziri Nuri al-Malikiy esa o‘zining lavozimidan chetlatilganiga g‘azabnok munosabat bildirgan.

O‘tgan oy Iroqning ikkinchi yirik shahri Mosulni o‘zini "Iroq va Shom Islomiy davlati", deb e‘lon qilgan sunniy jangarilar o‘z nazoratiga olishi va bugun Islomiy davlat deb atalayotgan guruhning tobora ko‘p hududlarni egallab olayotgani bilan bog‘liq inqiroz yuzaga kelishiga Bosh vazir Nuri al-Malikiy yuritgan siyosat asosiy omil deb ko‘rildi.

Islomiy Davlat yuzaga keltirgan tahdid Iroqda sunniylar, shialar va kurdlarni tamsil etgan mashru‘ hokimiyatni barpo etish yo‘lidagi harakatlarni jadallashtirdi.

Shuning uchun yangi prezident, yangi parlament spikeri va hukumat rahbarini tayinlash ishlarini tezlashtirishga to‘g‘ri keldi.

Iroq parlamenti nufuzli kurd siyosatchisi Fuad Ma‘sumni Iroq prezidenti etib sayladilar.

Image copyright AP

Parlamon spikerligiga mo‘‘tadil sunniy Salim al-Jaburiy saylandi va shia ko‘pchilikdan bosh vazirlik lavozimiga nomzod qo‘yish cho‘zildi.

Ham ichkari va ham Iroq tashqarisida Nuri al-Malikiy o‘rniga boshqa siyosatchi kelishi lozim, degan fikrlar bildirildi, biroq ikki marotaba bosh vazirlikni egallagan janob Malikiy uchinchi bora ham bu lavozimni egallash istagida edi.

11 avgust kuni Prezident Fuad Ma‘sum janob Malikiy partiyasi a‘zosi bo‘lgan, 2006 yildan parlament a‘zosi Haydar Abadi nomzodini bosh vazirlikka taqdim etdi.

Janob Abadidan barcha siyosiy kuchlarni tamsil etgan yangi hukumatni shakllantirish so‘raldi.

Nuri al-Malikiy esa prezident Iroq konstitutsiyasini buzdi, demoqda.

Haydar Abadiga Iroqdagi barcha siyosiy kuchlar bilan yaxshi muloqot o‘rnatgan, boshqaruv tajribasiga ega siyosatchi sifatida ta‘rif berilmoqda.

Image copyright Reuters

Iroqda yangi bosh vazirdan hukumatni shakllantirish so‘ralgani haqidagi yangilikni mamlakatdagi siyosiy inqirozni hal etish yo‘lida "umid uyg‘otuvchi oldinga qo‘yilgan qadam", deya olqishlagan Amerika jumhurraisi Barak Obama.

Janob Obama Haydar Abadini iloji boricha tezroq Iroqdagi barcha milliy va mazhabiy jamoalar vakillaridan tarkib topgan hukumat tuzishga chaqirgan, ana o‘shanda Amerika va xalqaro hamjamiyatning Iroqqa ko‘magini ham tezlashtirish osonlashishini aytgan.

Ayni paytda BMT Iroq shimolidagi yashab turgan joylaridan qochgan bir necha ming insonning ahvolidan xavotir bildirib chiqdi.

10 kun oldin Sinjar shahrini Islomiy davlat guruhi bosib olganidan keyin tog‘larga qochgan yazidiy mazhabiga mansub odamlarning ahvoli o‘ta og‘ir qolmoqda.

Tikucharlarda ularni xavfsiz joylarga yetkazishga, ularga oziq-ovqat, suv uloqtirishga harakat qilinmoqda.

Biroq yuzlab insonlar hayotdan ko‘z yumgani xabarlari olingan.

Yordam tarqatish ishlariga AQSh, Britaniya va Frantsiya harbiylari qo‘shilganlar.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02