Rossiyaning Ukrainaga insonparvarlik yordami atrofida shubhalar

Image copyright RIA Novosti

Rossiya Ukrainaga 300 yuk avtomobilida insonparvarlik yordamini yuborganini e‘lon qilgan.

Biroq bu Rossiyaning Ukraina sharqida o‘z hozirligini saqlab qolish maqsadini ko‘zlagan harakati bo‘lishi mumkin degan shubhalar ilgari surilgan.

12 avgust kuni Podmoskovedan avtomobillar karvoni yo‘lga tushgan, Rossiya rasmiylariga ko‘ra, avtomobillarga Ukraina sharqidagi aholiga mo‘ljallangan oziq-ovqat, dori-darmon, ichimlik suvi, uxlash qoplari va elektr stantsiyalar yuklangan.

Rossiya Prezidenti so‘zchisi Dmitriy Peskov aytishicha, ushbu insonparvarlik yordamini yetkazish masalasi Ukraina rasmiylari bilan yakshanba kuni kelishilgan.

Bundan oldin G‘arb davlatlari Rossiyani insonparvarlik yordami bahonasi bilan Ukraina sharqini bosib olmaslikka chaqirganlar.

11 avgust kuni Prezident Vladimir Putin Rossiya Ovro‘poda Xalqaro Qizil Hoch tashkiloti bilan hamkorlikda insonparvarlik yordamini boshlagani haqida e‘lon qilgan.

Biroq 12 avgust kuni Xalqaro Qizil Xoch tashkiloti ushbu amaliyotga bosh qo‘shmaganini ma‘lum qilgan.

Boisi hali o‘zaro kelishib olinishi zarur bo‘lgan masalalar mavjudligi va barcha tomonlar insonparvarlik yordamlarini o‘tkazish uchun xavfsizlik kafolatini berishlari talab qilinishini aytgan xalqaro tashkilot.

Xabar qilinishicha, avtomobillar karvoni ikki kun ichida manziliga yetib borishi mo‘ljallangan.

"Karvon sharqiy Ukraina yashovchilariga Moskva shahri va viloyati yashovchilari to‘plagan 2000 tonnacha insonparvarlik yuklarini yetkazadi", deb aytgan Moskva viloyati rasmiylari.

Biroq karvon yetib boradigan hudud borasida qarama-qarshi xabarlar tarqalgan.

Rossiya va Ukraina rasmiylari o‘rtasida vositachilik qilayotgan sobiq Ukraina prezidenti Leonid Kuchmaning Interfax-Ukraine axborot agentligiga aytishicha, karvon Ovro‘poda Xavfsizlik va Hamkorlik tashkiloti vakillari hamrohligida Lugansk viloyatiga boradi.

Janob Kuchmaga ko‘ra, insonparvarlik yordamlari Ukraina hukumati nazoratidagi Xarkov viloyatiga yetib boradi.

Biroq Ukraina sharqidagi bo‘lginchilar nazorat qilayotgan hududlarga chegaradosh Rossiyaning Rostov viloyati rasmiylari karvon o‘sha yerga yetib kelishi mo‘ljallanayotganini aytganlar.

Ukraina Xavfsizlik kengashi voizi Andriy Lisenko aytishicha, ko‘maklar Xalqaro Qizil Xoch tashkiloti hamrohligida Ukraina hukumati nazoratidagi chegara postidan o‘tishi kerak.

Yordamlar qayerga va kimlarga tarqatilishi hali kelishib olinishi kerak, deb aytgan janob Lisenko.

Moskva yaqinidan insonparvarlik karvoni yo‘lga chiqqani haqidagi xabarga munosabat bildirarkan, Frantsiya Tashqi ishlar vaziri Loran Fabius, bu Rossiyaning Ukraina sharqini bosib olish maqsadidagi bo‘lishi mumkinligini aytgan.

"Biz juda ehtiyot bo‘lishimiz kerak, chunki bu ruslarning Lugansk va Donetsk atrofiga joylashib olish va bizni fakt ro‘parasiga qo‘yib qo‘yish amali bo‘lishi mumkin. Faqat Qizil Xoch tasdiqlagan bo‘lsagina, va Ukraina bilan kelishilgan bo‘lsagina, karvon borishi mumkin. Bu narsa bo‘lgani yo‘q. Ular o‘tishiga ruxsat bermasliklari lozim", deb aytgan Frantsiya Tashqi ishlar vaziri Loran Fabius.

Shu yil martida Ukrainaning Lugansk va Donetsk viloyatidagi bo‘lginchilar Ukrainada ajralib chiqqanlari va o‘zlarining respublikalarini e‘lon qilganlari ortidan boshlangan qurolli nizolar kamida 1500 inson umriga zomin bo‘ldi.

Bir necha yuz ming inson yashab turgan joylarini tashlab ketishga majbur bo‘ldilar.

Ularning aksari Rossiya hududidan panoh topganlar.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02