Livanni tutgan mish-mish va yo "Islomiy Davlat"ni AQSh yaratganmi?

Image copyright none

"Islomiy Davlat"ning yaratilishi ortida Amerika turibdimi? BBCning Bayrutdagi muxbiri Syuzanna Kianpur yaqinda Livanda tarqalgan fitna nazariyalariga nazar tashlaydi.

"Fitna nazariyalari Yaqin Sharqdagilarning qonida bor", deydi Bayrut markazidagi restoranlardan birida tushlik qilayotgan Livan sobiq rasmiylaridan biri.

Sobiq rasmiy bu bilan yaqinda shaharda "Islomiy Davlat" (boshida guruh "Iroq va Shom islomiy davlati" deb atalardi) guruhi ortida Qo‘shma Shtatlar turibdi va Hillari Klinton buni "Mushkul tanlovlar" deb nomlangan kitobida tan oldi degan gap-so‘zlarni nazarda tutadi.

"Islomiy Davlat" jangarilari o‘tgan hafta Livanga yaqinlashishgan va Suriya bilan chegarada joylashgan Arsal qishlog‘ini vahimaga solishgandi. Yuzlab odamlar o‘z uy-joylarini tashlab chiqishdi. Jangarilar hatti-harakatlarida AQSh ayblandi.

"Islomiy Davlat"ning Livan Qurolli Kuchlariga qarshi shafqatsiz amallari internet orqali tarqatildi.

Amerika guruhning paydo bo‘lishi ortida turgani va uni ruhlantirayotgani borasidagi nazariyalar ham yoyildi.

O‘z iddaolarini dastaklash uchun nazariyachilar kuchli bir "dalil"ni ham keltirishdi: Hillari Klintonning, AQSh prezidentligiga da‘vo qilishi kutilayotgan sobiq davlat kotibasining so‘zlarini...

Mish-mishlar

Image copyright Getty
Image caption O‘z iddaolarini dastaklash uchun nazariyachilar Hillari Klintonning "Mushkul tanlovlar" deb nomlangan kitobini dalil qilib keltirishadi

Qo‘shma Shtatlar o‘z manfaatlarini ko‘zlab mintaqada beqarorlik yaratish maqsadida "Islomiy Davlat" guruhini yaratdi degan da‘volar bilan kitobdan olingani aytilgan "parchalar" Livan ijtimoiy matbuotida keng miqyosda tarqatildi.

Mish-mishlar hatto, AQShning Livandagi elchisi Devid Xeyl Livan Tashqi ishlar vazirligiga chaqirtirilishiga ham sabab bo‘ldi.

Bundan tashqari, g‘iybatlarni bostirishga uringan Qo‘shma Shtatlar elchiligi Facebook orqali bayonot ham tarqatdi:

"Qo‘shma Shtatlar terrorchi tashkilotdan o‘zgasi bo‘lmagan "Iroq va Shom islomiy davlati"ni tan olishni o‘ylagani va yo uning tuzilishida biron bir roli bo‘lgani borasidagi fikrlar qip-qizil yolg‘ondir".

Bu kabi nazariyalar o‘rtaga chiqayotgani mutlaq hayratlanarli emas. Amerika tarixida jangarilar va partizanlar; Afg‘onistondagi mujohidlarni qo‘llab-quvvatlagani darrov xayolga keladi.

Fors ko‘rfazidagi AQSh ittifoqchilari "Islomiy Davlat"ni dastaklayotgani bu masalada ularning qarashlariga “xizmat” qilmaydi.

"Bunday nazariyalarning mo‘lligiga ko‘pda Vashingtonning tuzum o‘zgarishiga xayrixohlik ko‘rsatgani sababdir. Shu bahonada isyonkor guruhlarni qo‘llab-quvvatlash, samarali bo‘lmagan. Ammo, albatta, bu yangi tajriba emas va oxirgisi ham bo‘lmaydi", deydi Bryusseldan tashqi siyosat va Yaqin Sharq masalalari bo‘yicha mutaxassis Oktavius Pinkard.

Dog‘ tushgan obro‘

Bu kabi mish-mishlar AQShning Livandagi manfaatlariga ziyon yetkazish xavfi bor. Amerika u yerda o‘zining “yumshoq qudratini” tutib turishdan manfaatdor. Ramziy qarama-qarshiliklar va hokimiyat uchun yoki Livan xalqini o‘ziga og‘dirish uchun boshqa bir guruh - Hizbulloh bilan kurash yangi holat emas.

Ammo, "Islomiy Davlat" tomonidan amalga oshirilayotgan shafqatsiz amallar, boshni tanasidan judo qilishlarga Amerikani mas‘ul ko‘rish AQShning obro‘siga qattiq putur yetkazishi tayin.

Yaqinda Bayrut ko‘chalarida "Amerika bizga yordam ber" emas, "Hizbulloh "Islomiy Davlatni" Livan poytaxtiga kelishiga yo‘l qo‘yma" qabilidagi shiorlar yangradi.

"Aksar odamlar Qo‘shma Shtatlar va Saudiya Arabistoni tili bir va gap neftning puliga kelib taqalganda, "Islomiy Davlat" qulashidan oxir-oqibat foyda ko‘radiganlar saudiyaliklar va amerikaliklar bo‘lishadi, deb ishonadilar. Tarix ishni boshlovchilar odatda foyda ko‘ruvchilar bo‘lishidan saboq berdi", deydi bayrutlik Amir Murod.

"Hodisalar rivojidagi muhim nuqta - Suriya ichki urushlari Livan hududiga yoyilmasligi uchun Livan Armiyasi va Hizbulloh hamkorlik qilayotganidir", deydi Oktavius Pinkard

Suriya-Livanda ixtiloflar o‘sib borarkan, Vashingtonga qarashlar ham evrilmoqda.

Va ko‘rinishidan, Hizbulloh-Damashq-Tehron uchligi targ‘ibot kurashida g‘alaba qilayotgan ko‘rinadi.

Ammo, Obama payshanba kuni Iroqdagi "Islomiy Davlat"ga qarshi havo hujumlari uyushtirilishi haqida e‘lon qilarkan, Facebookda AQShga nisbatan "muhabbat" yana qaytganday bo‘ldi.

"Amerikaning aralashuvidan hech qachon bu qadar xursand bo‘lmaganman", deb yozdi livanlik foydalanuvchilardan biri.

Amerikaning Livandagi obro‘si Iroqdagi bombardimon asosida qayta tiklanadi, deb aytishga hali erta, ammo ayni paytda AQSh odatan o‘ziga xushqarashda bo‘lganlar orasida obro‘si tushib borayotganga o‘xshaydi...

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02