Osiyo Kubogi 2015: Avstraliya O‘zbekistonning raqibi bilan kuch sinashmoqchi

Image copyright Getty

Ishtirokchi milliy terma jamoalar yanvar oyiga rejalangan turnir arafasida o‘rtoqlik uchrashuvlari o‘tkazishga zo‘r berisharkan, mezbon Avstraliya bu gal Saudiya Arabistoniga qarshi maydonga tushmoqchi.

Xabarlarga ko‘ra, Avstraliyaning O‘zbekistonning guruhdosh raqibiga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvi 8 sentyabr kuni Londonda bo‘lib o‘tadi.

O‘z o‘rnida ta‘kidlash joiz, Avstraliya futbol bo‘yicha bu yilgi jahon chempionatining ishtirokchisi ham sanaladi.

"Sokkerouz"lar Yaponiya, Janubiy Koreya va Eron bilan birga Braziliyada Osiyo qit‘asini namoyon etgan to‘rtta milliy terma jamoadan biri bo‘lishgandi.

Avstraliya jahon birinchiligining guruh bosqichidan ortga qaytgan esa-da, Hollandiyaga qarshi matonatli o‘yini bilan ko‘pchilik futbol mutaxassislarining e‘tirofiga sabab bo‘lgandi.

Ustiga ustak, Saudiya Arabistoniga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvidan to‘rt kun o‘tib, ular so‘nggi jahon chempionati chorak finalchisi Belgiya bilan ham kuch sinashib ko‘rishmoqchi.

Hollandiya va Belgiya esa, Ovro‘poning ko‘zga ko‘ringan milliy terma jamoalaridan sanalishadi.

Image copyright AFP

O‘zbekistonning guruh bosqichidagi raqibi Saudiya Arabistoniga qarshi o‘yini - Avstraliyaning bo‘lajak Osiyo Kubogi arafasida o‘tkazayotgan beshinchi xalqaro o‘rtoqlik uchrashuvi bo‘ladi.

O‘z o‘rnida eslatib o‘tish joiz, Avstraliya 2011 yil Qatarda bo‘lib o‘tgan so‘nggi Osiyo Kubogida O‘zbekistonni o‘z tarixida ilk bor finalga chiqish baxtidan mosuvo etgan milliy terma jamoa bo‘ladi.

Ammo, o‘sha yilgi kubokka asosiy da‘vogarlardan biri sifatida ko‘rilganiga qaramay, Avstraliya final uchrashuvida Yaponiyaga yengilib, ikkinchi o‘rin bilan kifoyalanishga majbur bo‘lgan.

Yaponiya esa, to‘rt karra Osiyo chempioniga aylanib, qit‘ada o‘ziga xos rekord o‘rnatgandi.

Qayd etish lozim, O‘zbekiston, baribir, futbol bo‘yicha Osiyo Kubogi musobaqalarida qayd etgan tarixiy natija ham aynan o‘sha yilga to‘g‘ri keladi.

Image copyright AFP

O‘zbekiston o‘shanda o‘z tarixida ilk bor Osiyo Kubogining yarim finaliga chiqishga muvaffaq bo‘lgan, haqli ravishda qit‘aning eng kuchli to‘rtta milliy terma jamoasidan biriga aylangandi.

Xabarlarga ko‘ra, bu gal Bosh murabbiysi Mirjalol Qosimov boshchiligidagi milliy terma jamoa Avstraliyadagi turnir arafasida Ozarbayjon, Iordaniya, Yangi Zelandiya, Qatar, Bahrayn va Birlashgan Arab Amirliklariga qarshi qator o‘rtoqlik uchrashuvlari o‘tkazishni rejalagan.

O‘zbekistonning Ozarbayjonga qarshi ilk xalqaro o‘rtoqlik uchrashuvi 20 avgust kuni Bokuda bo‘lib o‘tishi rejalangan.

O‘z o‘rnida ta‘kidlash joiz, Avstraliya ham oktyabr oyida Birlashgan Arab Amirliklari va Qatarga qarshi yana ikkita o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazmoqchi.

2015 yilgi Osiyo Kubogiga muddatidan ilgari yo‘llanmani qo‘lga kiritgan O‘zbekiston yagona kubok uchun kurashini "B" guruhida boshlaydi va keyingi bosqichga chiqish uchun Saudiya Arabistoni, Xitoy hamda Shimoliy Koreyaga qarshi kurash olib boradi.

Futbol bo‘yicha 16-Osiyo Kubogi o‘yinlari 9 yanvar kuni Avstraliyada start oladi va kubok sohibi 31 yanvar kuni ma‘lum bo‘ladi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02