Ijtimoiy minbar: Rossiyaga Markaziy Osiyodan meva-sabzavot eksporti oshishi mahalliy iste‘molchi uchun nimani anglatadi?

Yaqinda Rossiya prezidenti farmoni bilan Ovro‘po Ittifoqi, Qo‘shma Shtatlar va boshqa G‘arb davlatlaridan oziq-ovqat importiga "embargo" e‘lon qilindi.

Bu amal Ukrainadagi hodisalar tufayli G‘arbning Rossiyaga qarshi e‘lon qilingan jazo choralariga javob amali ekani aytildi.

O‘zbekistondagi tadbirkorlar mamlakatda ishlab chiqarilgan qishloq xo‘jalik mahsulotlarini sotish uchun yangi imkoniyatlar ochilayotganidan quvonchlarini yashirmayaptilar.

O‘zbekiston rasmiylaridan biri esa Rossiyaga meva-sabzavot eksportini ikki barobarga oshirish imkoniyati mavjudligi haqida aytdi.

Qozog‘iston, Tojikiston va Qirg‘iziston ham bu sohada ochilayotgan yangi imkoniyatlardan foydalanish istagini izhor etishgan.

Bu intilish va imkoniyatlar mahalliy iste‘molchilar uchun nimani anglatishi mumkin?

Quyidagi ehtimoliy "stsenariy"lardan qay birining amalda ro‘y berishi haqiqatga yaqinroq deb o‘ylaysiz va nima uchun?

Stsenariy 1: Aytaylik, O‘zbekiston Rossiyaga meva va sabazvotlar eksportini ko‘paytirish ortidan davlat g‘aznasiga ko‘proq mablag‘ kelib tusha boshlaydi. Buning natijasida aholiga to‘lovlarni oshirish imkoni tug‘iladi. Mahalliy bozorda meva-sabzavotlarning narxi oshsa ham aholining xarid qurbi ortadi va ularni sotib olish imkoniga ega bo‘ladi.

Stsenariy 2: Rossiyaga meva-sabzavotlarni eksport qilish jarayoni asosan davlat qaramog‘idagi tashkilotlar nazorati ostida bo‘lgani sababli undan tushadigan mablag‘lar "boshqaruvchi elita"ga tegishli " kazolar" cho‘ntagiga kelib tushadi. Aholiga bundan naf bo‘lmaydi, narxlar ko‘tarilib, battar qashshoqlashadi.

Stsenariy 4: Eksport hajmining ko‘payishi ishlab chiqariladigan mahsulot ko‘lamining ham oshishini taqozo qiladi. Suv taqchilligi o‘tkir sezilayotgan mintaqada unga ehtiyoj yanada oshib, chegaralararo tanglikning kelib chiqishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Bundan tashqari vaziyatning yana qanday ehtimoliy rivojlanish yo‘llari bor deb o‘ylaysiz?

Fikrlaringizni BBCning Facebookdagi BBC Uzbek sahifasida yoki "Odnoklassniki"dagi huddi shu nomli sahifada qoldiring.

Sharhlaringizni BBCUzbek.com da ham o‘qishingiz va Daraklar dasturida tinglashingiz mumkin.

Whatsapp raqamimizga ovozli sharhlaringizni ham yo‘llashingiz mumkin +44 78-58-86-00-02.