Islomiy Davlat jangchilari Suriyada bir necha shaharni ishg‘ol qildi

Image copyright Reuters
Image caption ID Suriya va Iroqda yirik hududlarni nazorat qilmoqda

Suriyadan kelayotgan xabarlarga ko‘ra, Islomiy Davlat (ID) jangchilari shimoliy Halab viloyatida bir necha shahar ustidan nazorat o‘rnatganlar.

Guruh Halabdan 50km shimoli-sharqda joylashgan Axtarin shaharchasini ishg‘ol qilgan.

BBC muxbiri Rami Ruhayyening aytishicha, bu ID jangchilari uchun katta yutuqni anglatadi.

Guruh Suriya va Iroqda yirik hududlar ustidan nazorat o‘rnatgan va o‘zini "Islomiy Davlat", deya e‘lon qilgan.

Britaniyada joylashgan Suriya Inson Huquqlari Kuzatuv Guruhiga ko‘ra, ID o‘tgan tunda Axtarin va Turkiya chegarasiga yaqin yana bir shahar - Turkmanbareni to‘la egallagan.

Guruh jangchilari shuningdek Prezident Assadga qarshi jang qilayotgan guruhlar nazoratidan yana qator qishloqlarni o‘z nazoratiga olgan.

Mazkur qishloqlar orasida Masudiya, Dabiq va G‘ous bor, deydi Suriya Inson Huquqlarini Kuzatuv Guruhi.

Muxbirlar so‘zlariga ko‘ra, shahar va qishloqlarning bosib olinishi Halab shahridagi Suriyalik isyonchilarning ta‘minotini qiyinlashtiradi.

Halabdagi muxolifat guruhlari Prezident Assad qo‘shinlariga qarshi uch yildan buyon jang qilib kelmoqdalar.

Ammo, so‘nggi paytlarda ular shimoldan ID va janubdan hukumat qo‘shinlari tomonidan siquvga olinmoqda.

Diplomatlarga ko‘ra, Suriya hukumati qo‘shinlari so‘nggi paytlardagina Islomiy Davlatga qarshi jang qila boshlashdi.

ID 2013 yildan buyon Suriyadagi bir necha hududni nazorat qiladi. O‘tgan oy ishg‘ol etilgan Raqqa shahri ID markazi hisoblanadi.

2011 yil mart oyida boshlangan Suriya mojarosida hozirga qadar 170 mingdan ziyod inson halok bo‘ldi.

Suriya aholisining deyarli uchdan biri, ya‘ni to‘qqiz millionga yaqin inson o‘z uylarini tashlab chiqishga majbur bo‘ldi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02