"Talko"ni "portlatmoqchi bo‘lganlar" ustidan hukm o‘qildi

Image caption Tojikiston Alyuminiy Zavodi mamlakatdagi eng yirik korxona hisoblanadi

Tojikistonda mahkama 7 shaxsni "Talko" korxonasini portlatib yuborishga urinishda aybdor deb topib, ularni 18 yildan 22 yilga qadar qamoq jazolariga hukm etgan.

Yetti nafar shaxs shu yil bahorida Tojikiston Alyuminiy Zavodiga egalik qiluvchi "Talko" korxonasini portlatishga urinishda gumon qilinib, xavfsizlik xodimlari tomonidan hibsga olingandi.

Yopiq eshiklar ortida bo‘lib o‘tgan mahkamaga jurnalistlar qo‘yilmagan.

Mahkama hukmida bayon etilishicha, ayblanuvchilar mamlakat tashqarisida bo‘lgan shaxslar topshirig‘i bilan "Talko" korxonasini portlatishni rejalashtirganlar.

Tolib Shodiyev, Ahmadjon Majidov, Azamat Abdulloyev, To‘raboy Ravshanov, Abdullojon Rahimov, Askarali Bo‘riyev va Umar O‘rmonov jazoni o‘tash uchun qattiq tartibdagi koloniyaga yuborilgan.

Ularning ba‘zilari "Talko" korxonasida ko‘p yillar davomida mehnat qilgani, ba‘zilari esa Tursunzoda shahridagi turli muassasalarda ishlashgani xabar qilinadi.

Tursunzoda shahri O‘zbekistonning Surxandaryo viloyati bilan chegaradoshdir.

Biroq himoyachilar so‘zlariga ko‘ra, Tursunzoda tumanida istiqomat qilgan ayblanuvchilarning "Talko" korxonasini portlatib yuborish urinishga hech qanday aloqasi yo‘q.

Himoyachilarning ta‘kidlashicha, ayblanuvchilar hattoki bir-birlarini ham tanishmagan.

Himoyachilar chiqarilgan hukmga e‘tiroz bildirib, appelyatsion mahkamaga murojaat qilishlarini aytganlar.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02