AQSh Iroqqa harbiy maslahatchilarni yubormoqda

Image copyright Reuters
Image caption Iroq shimolida o‘n minglab insonlar Islomiy Davlat jangchilaridan jon saqlamoqda

Qo‘shma Shtatlar Iroq shimolidagi kurd mintaqasiga yana 130 nafar harbiy maslahatchini yubordi, deb aytadi AQSh Mudofaa vaziri Chak Heygl.

Mudofaa vazirligi mulozimining ma‘lum qilishicha, maxsus amaliyotlar bo‘yicha maslahatchilar umumiy vaziyatni o‘rganishadi, biroq harbiy amaliyotlarda ishtirok etishmaydi.

Qo‘shma Shtatlar so‘nggi kunlarda Islomiy Davlat (ID) qurolli guruhiga qarshi havo hujumlarini uyushtirmoqda.

ID jangchilarini o‘n minglab iroqliklarni o‘z uylarini tashlab qochishga majburlaganlar.

"Harbiylarni Iroqqa yuborishdan maqsad harbiy amaliyot o‘tkazish emas", - deb aytdi janob Heygl.

Unga ko‘ra, harbiy maslahatchilar Iroq shimolidagi Irbil shahriga yetib borishgan va mamlakatdagi umumiy vaziyatni chuqur o‘rganib chiqishadi.

Hozirga qadar Iroqda 250 nafar amerikalik harbiy maslahatchi bor edi.

Amerika Mudofaa vazirligi mulozimining aytishicha, Oq Uy "Sinjardagi urushdan zarar ko‘rgan iroqliklarga" yordam berish yo‘llarini aniqlashga va ID tomonidan sodir etilishi mumkin bo‘lgan "qatliom ehtimollari"ni bartaraf etishga qaratilgan tekshiruvlarini davom ettiradi.

Birlashgan Millatlar Tashkilotiga ko‘ra, o‘n minglab iroqliklar, jumladan Yazidiylar Sinjar tog‘larida ID jangchilaridan jon saqlashmoqda va ularga "zudlik bilan yordam ko‘rsatilishi shart".

AQSh, Britaniya va Frantsiya Iroq shimolidagi Sinjar tog‘larida jon saqlayotgan Yazidiylarga insonparvarlik yordamini ko‘rsatmoqda.

AQSh hukumatining aytishicha, Amerika uchoqlari seshanba kuniga qadar yerga 100 ming nafar insonga yetadigan oziq-ovqat va 123 ming litrdan ko‘proq suv tashlaganlar.

Xabarlarga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar shuningdek Iroq shimolida IDga qarshi jang qilayotgan kurd kuchlarini qurol-yaroq bilan ta‘minlay boshlagan.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02