Jizzaxda byudjet xodimlari dala ishlariga jalb qilinmoqda

Image caption O‘zbekiston hukumati paxtani yetishtirish va yig‘ishtirib olish ishlariga ommaviy safarbarlik yo‘qligini aytadi

Jizzax viloyatida boshqa byudjet xodimlari bilan bir qatorda ko‘zi ojizlar jamiyati xodimlari ham dala ishlariga jalb qilingan.

Bu haqda O‘zbekiston Inson huquqlari mustaqil jamiyati xabar tarqatgan.

Jamiyat Jizzax viloyati bo‘limi Paxtakor tumanida monitoring o‘tkazish orqali ushbu majburiy mehnatni qayd qilganini aytmoqda.

Xabarda viloyati rahbarlari paxta chekankasiga Zarbdor tumanidagi ko‘zi ojizlar jamiyati va bolalar uyi xizmatchilarini olib chiqishdi, deb yoziladi.

Viloyatning Paxtakor tumanida monitoring o‘tkazgan jamiyatning Jizzax viloyati bo‘yicha rahbari O‘ktam Pardayev juda ko‘pchilik byudjet tashkiloti xodimlari g‘o‘za chekankasiga jalb qilinganini aytadi.

"Jizzax viloyatida chekankaga ko‘zi ojizlar jamiyati, mehribonlik uylari, bolalar bog‘chalaridan tarbiyachi, ishchilar chiqyapti", – deydi O‘ktam Pardayev.

Pardayevga ko‘ra dala ishlariga ko‘zi ojiz odamlar yoki mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari jalb qilinmagan.

O‘zbekistonda davlat ishchilarining o‘z vazifalari qolib qishloq xo‘jalik va obodonlashtirish ishlariga jalb qilinishi odatiy holga aylanib borayotgani aytiladi.

O‘zbekiston inson huquqlari mustaqil jamiyati Jizzax viloyat bo‘limi rahbari O‘ktam Pardayev o‘zlari monitoring o‘tkazgan dalada Ko‘zi ojizlar jamiyatining ishchilarini ko‘rgani uchun ham ular haqida xabar berishganini ta‘kidlamoqda.

"Men Paxtakor tumanining sovxozlariga borib monitoring qilganimda, ko‘zi ojizlar jamiyati va mehribonlik uylaridan xodimlarning ishlayotganini o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim. Rasmlarga tushirib kelganim uchun aynan shular to‘g‘risida yozganman. Keyin bilsak Do‘stlik tumanida Kimyo boshqarmasidan, bankirlar, hamshiralar ham majburiy tartibda chekanka qilib yurishibdi", – deydi O‘ktam Pardayev.

Ma‘lum bo‘lishicha, davlat tashkilotlarida ishlovchi ushbu xodimlar ertalab soat 7 dan kechki soat 6 gacha 11 soat paxta dalasida g‘o‘zani chekanka qilish bilan shug‘ullanadi.

Huquq himoyachisining bildirishicha, hokimiyat tomonidan ular faqat transport bilan ta‘minlanadi. Tushlik ovqatlarini ishchilarning o‘zlari olib boradi. Bir kunda 11 soat ishlagani uchun hech qanday haq berilmaydi.

"Hech qanday haq berilmaydi.Tarbiyachilar davlat ishida ishlagani uchun majburiy tartibda olib ketishadi. Agar birortasi bosh tortib bormaydigan bo‘lsa, rahbarlar tomonidan arizangni yoz deb, ishdan bo‘shatishgacha boryapti", – deydi O‘ktam Pardayev.

Huquq himoyachisiga ko‘ra, dalaga chiqarilayotgan ishchilarning vazifasi hamkasbi zimmasiga yuklanishini va xodimlar ikki kishining ishini qilishga majbur bo‘lib qolmoqda.

Inson huquqlari himoyachilari davlat tashkilotlarida ishlovchi xodimlar kunlar isib yerga urug‘ qadalgandan boshlab to paxta hosili terib olinguncha dala ishlariga jalb qilinishini ta‘kidlashadi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02