G‘azo: yangi otashkesim boshlandi, ammo...

Image copyright AFP
Image caption Isroil hujumlarida G‘azo bo‘lgasi butkul xonavayron bo‘lgan

G‘azodagi yangi besh kunlik otashkesim o‘tgan uch kunlik sulh ortidan boshlanadi, deb avvaldan kelishilgan edi.

Ammo yangi otashkesim e‘lon qilinishi ortidan Isroil G‘azodan raketalar otildi, degan iddao bilan falastinliklarga qarshi havodan hujum qilgan.

G‘azoni nazorati qilayotgan "Hamas" guruhi esa Isroilning ayni da‘vosini rad etib, o‘z a‘zolari hech qanday raketa otmaganini aytmoqda.

Hozirga qadar so‘nggi hujumda qanday talofotlar berilgani ma‘lum emas.

Falastinlik oddiy aholi uchun otashkesim suv bilan havodek zarur.

Isroil hujumlari ostida odamlar hatto o‘ldirilgan yaqinlarini dafn etish va yo yaradorlarni kasalxonaga olib borishga imkon topisholmagan.

O‘tgan uch kunlik sulh davomida falastinlik baliqchilar dengizga chiqib, baliq tutib kelishdi.

Endi e‘lon qilingan besh kunlik otashkesim esa muzokaralarni bir qadar sovuq aql bilan olib borishga imkon yaratadi, deb kutilmoqda.

Ammo falastinlik guruhlar va Isroil o‘rtasidagi har qanday muloqot o‘ta qiyin va sust kechishi bashorat qilinadi.

Shu bois hozirgi bosh maqsad iloji boricha qon to‘kishni to‘xtatish bo‘lib qolmoqda.

Isroil G‘azodagi jangarilar hujum qilishmoqda, deb o‘tgan 8 iyul kuni bo‘lgada harbiy amaliyotlarni boshlagandi.

Shundan beri jami 2000 nafar inson nobud bo‘ldi. Qurbonlarning aksarisi yoki 1900 nafarini begunoh falastinliklar tashkil etadi.

Isroil tarafida qurbon bo‘lgan tinch aholi vakili esa 3 nafardir.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02