Medvedevga xakerlar hujum qilishdi

Image copyright Twitter
Image caption Rossiya Bosh vaziri Twitter hisobi ertalab xakerlar hujumiga uchradi

"Iste‘foga ketayapman. Hukumatim qilgan ishlardan uyatdaman. Uzr".

Bu - Dmitriy Medvedevning tasdiqlangan Twitter hisobida paydo bo‘lgan va minglab insonlarni hayratga solgan rus tilida bitilgan satrlar edi.

Unda Rossiya Bosh vaziri bundan buyog‘iga suratkash bo‘lib ishlash orzusi haqida ham yozgan.

Biroq mazkur jumlalar paydo bo‘lishi bilanoq Bosh vazir matbuot xizmati ularning haqiqatdan uzoqligini aytib, raddiya berdi.

"Bosh vazir Medvedevning Twitterdagi mikroblogiga yorib kirishgan va undagi so‘nggi xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi" - deb bildirdi matbuot xizmati.

Oradan yarim soat o‘tar-o‘tmas payshanba kuni ertalab paydo bo‘lgan barcha xabarlar o‘chirildi.

Ayfonsevar Medvedev

Janob Medvedevning ayfon (iPhone) ishlatishga alohida ishqibozligi haqida ilgari ham aytilgan. Faraz qilinishicha, aynan uning ayfonidagi ma‘lumotlar xakerlar qo‘liga tushgan bo‘lishi mumkin.

Image copyright RIA Novosti
Image caption Dmitriy Medvedev ayfonsevarligi bilan ham tanilgan

Taxminlarga ko‘ra, Dmitriy Medvedevning ijtimoiy tarmoqdagi hisob raqamiga Anonim Baynalmilal xakerlari hujum qilishgan.

Medvedevning Twitter hisobi muzlatilishi ortidan Anonim Baynalmilal internet faollari guruhi mikroblogida Rossiya hukumati majlisi aks etgan suratlar paydo bo‘lgan.

"Bu suratlar tasodifan bizning qo‘limizga tushdi. Hoynahoy, xakerlar yorib kirgan @MedvedevRussia nomli shaxsiy ayfondan olingan" - deb pastida izoh beriladi.

Keyinroq esa ayni guruhi mikrblogida "qandaydir Bosh vazirning uchta ayfonida saqlangan ma‘lumotlar ularning tarmog‘iga tasodifan tushib qolgani" haqida yozildi.

Ushbu guruh Rossiya siyosatdonlari yozishmalarini bir necha bor e‘lon qilgan.

Shuningdek, ular Ukraina sharqidagi rossiyaparast bo‘lginchilar rahbari Igor Girkinning xatlarini ham topib, oshkor qilishgandi.

Matbuot xabarlariga ko‘ra, endilikda Moskvadagi amaldorlar ishga oid yozishmalarni shaxsiy elektron pochta orqali jo‘natishlari taqiqlanadi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02