Semizlik saraton xavfini kuchaytiradi

Image copyright Science Photo Library
Image caption Lansetga ko‘ra semizlik saraton xavfini kuchaytirar ekan

Semizlik 10 turdagi saraton kasalligi xavfini kuchaytirishini Lanset tibbiy jurnali ilmiy tadqiqotga asoslanib e‘lon etdi.

Faqat Britaniyaning o‘zida yiliga 12,000 dan ortiq inson semizlik tufayli turli saraton kasalliklariga duchor bo‘lishar ekan.

Agarda semiz insonlar soni hozirgi sur‘atda ko‘paysa yiliga qo‘shimcha 3,700 insonning saratonga chalinishi turgan gap.

Bu tadqiqot davomida 5 million inson qatnashgan.

Londonning Gigiyena va Tropik kasalliklar instituti o‘tkazgan ushbu tekshiruv yetti yil davom etgan.

Tadqiqotga binoan 13-16 kilo ortiqcha vazn olti turdagi saraton kasalligiga duchor bo‘lish ehtimolini kuchaytiradi.

Bu turlar orasida o‘t puffagi, buyrak, bachadon, qalqonsimon bezi va qon saratonlari ko‘proq qayd etilgan.

Vazni normadan ortiq bo‘lgan insonlarning jigar, yo‘g‘on ichak, tuxumdon va ko‘krak bezi saratonlariga yo‘liqish ehtimoli ham ortar ekan.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02