O‘zbekistonda yana yonilg‘i taqchilligi yuzaga kelgan

Image caption Yana benzin boshog‘rig‘i...

Avvaliga shahobchalardan dizel yo‘qolgan keyinchalik benzin uchun navbatlar paydo bo‘la boshlagan.

Samarqandda bir litr benzining narxi qo‘lda 5000 so‘m yoki 2 dollardan sotilayotgani xabar qilinmoqda.

Iqtisodchilar O‘zbekistonda benzin narxi su‘niy ravishda baland qilib qo‘yilgani va bundan bir ikkita monopolist tashkilotlar manfaatdor ekanligini aytishadi.

Ijtimoiy tarmoqlarda yonilg‘i quyish shahobchalari oldida paydo bo‘lgan mashinalarning uzun navbatlari aks etgan rasmlar qo‘yila boshlagan.

Jizzaxlik haydovchi Qahramon aka viloyatda benzin yetishmayotgani va natijada yonilg‘i quyish shahobchalari benzinni yashirgan holda narxini ko‘tarib sotayotganini aytadi.

"Benzin yo‘q, bor yerda ham yashirib sotayapti. Yo‘q, deydi. Keyin 2100 so‘mlik benzinni 2500 so‘mdan bankni to‘ldirib beradi", - deydi Qahramon aka.

Jizzaxlik suhbatdoshimizning aytishicha, davlat narxidagi benzin shahardagi ayrim zapravkalarda bor. Biroq u yerda uzoq navbat kutishga to‘g‘ri keladi.

Qo‘lda esa benzin 3,5 ming so‘mdan sotilmoqda.

Twitter ijtimoiy tarmog‘ida benzin narxi Samarqandda 5 ming so‘mdan sotilayotgani haqida yozildi.

Monopoliya!

Image copyright none
Image caption Yonilg‘i "yo‘qolib qolishi" birinchi marta ro‘y berayotgani yo‘q

Surxondaryo viloyatida hozircha benzin taqchilligi katta muammoga aylanmagan.

Surxondaryolik O‘rol Ernazarovga ko‘ra, viloyatga benzinni Rossiya bilan ochilgan qo‘shma korxona davlat narxida yetkazib bermoqda.

"Benzinni o‘z narxida olishyapti. Bizda Rossiya bilan qo‘shma korxona bor. O‘sha korxona hamma tumanda o‘zining filiallarini ochib litrini 2050 so‘mdan sotayapti. Onda- sonda bo‘lmay ham qoladi", - deydi O‘rol Ernazarov.

Toshkentda istiqomat qiluvchi mustaqil jurnalist Bobomurod Abdulla poytaxt yonilg‘i quyish shahobchalarida anchadan beri dizel yonilg‘i ololmasligini bildirdi.

"Yuk tashiydigan KAMAZchilar, traktorchilar, chiqindi tashiydigan mashinalar orttirganini sotadi. Dizelning davlat narxi 2 ming so‘m, hozir 3,5 so‘mdan olayapmiz. 4 ming so‘mdan ham olgan paytimiz ham bo‘lgan", - deydi Bobomurod Abdulla.

Bobomurod Abdulla poytaxtdagi yonilg‘i quyish shahobchalarida benzin uchun katta navbat vujudga kelganini ko‘rayotganini aytdi. Ayrim zapravkalar yopib qo‘yilgan. Ba‘zilarida benzinni tijoriy narxda ya‘ni 3000 so‘mdan sotish yo‘lga qo‘yilgan.

"O‘zbekneftgaz" xolding kompaniyasi raisining sobiq muovini, iqtisodchi Anvar Husainov O‘zbekistonda yonilg‘i taqchilligi vujudga kelishiga neft konlaridan yetarli mahsulot qazib olinmayotgani va neft mahsulotlari savdosi mamlakatda monopoliya ostida ekanligi asosiy sabab ekanligini ta‘kidlaydi.

"O‘zbekistonda neft mahsulotlari bozori yo‘q. Hammasi monopoliyalashgan. O‘zbekneftgaz milliy xoldingi qazib chiqarishdan boshlab to neft mahsulotlari savdosigacha bo‘lgan jarayonni qo‘l ostiga olgan", - deydi Anvar Husainov.

Iqtisodchiga ko‘ra O‘zbekistonda narxlar sun‘iy ravishda ko‘tarilgan va bundan monopolist tashkilot manfaatdor.

Narxlarning qimmatligi esa qishloq xo‘jalik mahsulotlarini yetishtirishda o‘z ta‘sirini ko‘rsatadi. Natijada O‘zbekiston mollarining xorijda raqobatbardoshligi tushib ketadi.

"O‘zneftmahsulot" aktsiyadorlik kompaniyasi bundan bir yil oldin yonilg‘i muammosida neft mahsulotlarining yetishmasligi sabab bo‘layotganini qisman tan olgan va muammoni bartaraf etish uchun chetdan xom ashyo import qilishga va‘da bergan.

Biroq va‘dalarga qaramasdan yonilg‘i borasidagi taqchillik bu yil ham kuzatilmoqda.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02