Yakuniy ro‘yxatda: Ronaldu, Noyyer va Robben

Image copyright AFP

UEFA.com tasnifida "Ovro‘poning eng zo‘r futbolchisi" maqomi bu yil ana shu uch futbolchidan biriga nasib etadi.

Yakuniy nomzodlarni 2013-14 yilgi futbol mavsumida ko‘rsatgan o‘yinlariga qarab, jurnalistlar saralab olishgan.

Yagona g‘olibning taqdiri esa, 28 avgust kuni ma‘lum bo‘ladi.

O‘z o‘rnida eslatib o‘tish joiz, Portugaliya va Madridning "Real" jamoasi yulduzi Krishtianu Ronaldu amaldagi "Jahonning eng zo‘r futbolchisi" sanaladi.

Olmoniya milliy terma jamoasi va Myunxenning "Bavariya" klubi darvozaboni Manuel Noyyer esa, yaqinda Braziliyada bo‘lib o‘tgan jahon chempionatining "Eng yaxshi darvozaboni", deb topilgan.

Image copyright getty images

Uning hollandiyalik jamoadoshi Aren Robben futbol bo‘yicha so‘nggi ikki jahon chempionatida eng zo‘r to‘purarlarga beriluvchi "Oltin butsi"ga da‘vogarlar ro‘yxatiga tushishga muvaffaq bo‘lgan futbolchidir.

Aren 2010 yilda "Olmoniyaning eng zo‘r o‘yinchisi", deb ham topilgan.

O‘z o‘rnida eslatib o‘tish joiz, Noyyer bu yil Olmoniya milliy terma jamoasining jahon chempionligini qo‘lga kiritishida qo‘shgan mislsiz hissasi bilan jurnalistlarning e‘tiboriga tushgan.

Image copyright AFP

Robben esa, "Bavariya" safida 21 ta to‘p kiritishdan tashqari, Braziliyada Hollandiya milliy terma jamoasi safida raqiblari darvozasini uch bor aniq nishonga olgan.

Jamoasining jahon chempionati bronza medalini qo‘lga kiritishida katta o‘rin tutgan.

Krishtianu Ronaldu esa, agar ta‘bir joiz bo‘lsa, "Real"(Madrid)ni qayta Ovro‘po Chempionlari chempioni va Ovro‘po Superkubogi sohibiga aylantirgan futbolchi sanaladi.

O‘zbekistonda ham katta sondagi muxlislariga ega Ronaldu so‘nggi mavsumda "Real" safida raqiblari darvozasini 17 bor zabt etishga muvaffaq bo‘lgan.

UEFA tomonidan bundan avval:

2010-11

Image copyright AFP GETTY

Lionel Messi ("Barselona")

2011-12

Image copyright Getty

Andres Inesta ("Barselona")

2012-13

Image copyright AP

Frank Riberi ("Bavariya")

"Ovro‘poning eng zo‘r o‘yinchisi", deb topilishgan.

Bu yilgi g‘olib esa, Monakoda bo‘lib o‘tajak Ovro‘po Chempionlar ligasi guruh bosqich bellashuvlariga qur‘a tashlash marosimi chog‘ida jurnalistlarning tanloviga qarab aniqlanadi.

Eng so‘nggida eslatib o‘tish joiz, bu yilgi da‘vogarlarning yuqori o‘nligidan: Tomas Myuller("Bavariya"), Filipp Lam("Bavariya"), Lionel Messi("Barselona"), Xames Rodriges("Real" Madrid), Luis Suares("Barselona"), Anxel di Mariya("Real" Madrid) va Diyego Kosta("Atletiko" Madrid)lar o‘rin olishga muvaffaq bo‘lishgan.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02