AQSh qo‘shinlari Mosul to‘g‘onini olishda kurdlarga yordam berdi

Image copyright AP

Prezident Obamaning aytishicha, AQSh o‘z manfaatlarini himoya qilish maqsadida Iroq qo‘shinlariga havodan hujumlar bilan yordam bermoqda.

Amerika Iroqning kurd qo‘shinlariga mamlakatdagi eng yirik Mosul to‘g‘onidan Islomiy Davlat (ID) jihodchilarini siqib chiqarishda qiruvchi uchoqlardan hujumlar bilan yordam berdi.

Obamaning Kongressga aytishicha, Mosul to‘g‘onini jihodchilar qo‘lida qoldirish Iroqdagi AQSh xodimlari va inshootlari, jumladan Bag‘doddagi AQSh elchixonasini xavf ostiga qo‘yishi mumkin edi.

Kurd rasmiylari hozirda to‘g‘onni deyarli butunlay egallab olishganlarini aytishmoqda.

Jihodchilar 7 avgustda bosib olgan bu strategik jihatdan muhim inshoot Iroq shimolini suv va elektr quvvati bilan ta‘minlaydi.

ID jangchilari to‘g‘onga shikast yetkazib, Mosul va hatto Bag‘dodni suv toshqini ostida qoldirishlari borasida xavotirlar paydo bo‘lgandi.

AQSh armiyasi yakshanba kuni havodan 14ta hujumni amalga oshirgani va ID jangarilariga tegishli 19ta mashinaga shikast yetkazganini bildirdi.

Image copyright AFP

Kurd rasmiylariga ko‘ra, kurdlarning Peshmerga qo‘shinlari to‘g‘on atrofini jangchilar o‘rnatib ketgan minalardan tozalashga urinishmoqda.

ID jangarilari Suriyaning Raqqa viloyatida ham Suriya armiyasining havo hujumlariga uchraganlar.

To‘g‘ondagi amaliyot manzarasida ID jangarilari odamlarni boshlaridan judo qilayotganlari haqida xabarlar olingan.

Kavju qishlog‘ida yazidiy diniy ozchiligining kamida 80 a‘zosi Islomni qabul qilishdan bosh tortganlari uchun boshlarini tanalaridan judo qilingani ishoniladi.

Ayni qishloqdagi ayollar va bolalar o‘g‘irlab ketilgani aytiladi.

ID, shuningdek, ularga Suriyaning Dayr Ezzor viloyatida qarshilik ko‘rsatgan 700 erkakni bir hafta davomida o‘ldirganlikda ayblanadi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Your contact details
Disclaimer