Yosh o‘zbek bastakori Berlinda nufuzli mukofot oldi

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

O‘zbekistonlik taniqli bastakor Aziza Sodiqova Berlinda bo‘lib o‘tgan Young Euro Classic xalqaro yoshlar musiqiy festivalida eng yaxshi asar uchun mukofotni qo‘lga kiritdi.

Yosh bastakor o‘zining Brief Scherben ("Maktub parchalari") nomli asari uchun Berlin burgomistri Klaus Voverayt ta‘sis etgan nufuzli mukofotga sazovor topildi. Festivalda butun dunyodan kelgan mingdan ortiq yosh musiqachilar ishtirok etdi.

Aziza BBC bilan suhbatda "Maktub parchalari" asarini yaratishda 1930-yillarda yashab o‘tgan rus avangard absurdist yozuvchisi Daniil Xarmsning o‘z sobiq safiqasi Esterga yozgan kundaliklaridan ilhomlanganini aytadi.

Image caption Aziza Sodiqova Berlindagi festivalda o‘z asari haqida so‘zladi

Xarmsning ehtiroslarga to‘la, asabiy, bemuvozanat holatiyu ishqqa yo‘g‘rilgan dunyosi Aziza Sodiqovaning musiqa sahnalarida mujassamlangan.

Adibning xat yozish jarayoni esa bosma mashinka tovushi va orkestrning boshqa uslublari yordamida ifoda etilgan.

Xarmsning jismoniyu ruhiy holatlari, uning beyupanchligi musiqa orqali muttasil ravishda tasvirlangan.

"Sen meni derazangda ko‘rasan, keyin esa men eshigingdan kirib kelaman, sen meni shunda ostonangda ko‘rasan. Keyin esa men xonangga kirib boraman. Shunda sen meni taniysan. Ich-ichingga kirib boraman, va sendan o‘zga hech kim, hech kim meni ko‘rmasu tanimas", - deb yozgandi Xarms 1931 yilda o‘z kundaligida.

Aziza Sodiqova o‘z musiqiy kompozitsiyalarini yaratishda jahon va o‘zbek adiblarining asarlariga yuzlanadi. Uning avvalgi asarlari, xususan, tasavvuf, Umar Hayyom va Frants Kafkadan ilhomlangan.

Image caption Azizaning asarlari ham sharqona, ham g‘arbona ta‘sirlarga ega

Aziza ilk o‘zbek operasi "Layli va Majnun"ni bastalagan taniqli o‘zbek bastakori va dirijyori Tolib Sodiqovning nevarasidir.

U besh yoshidanoq musiqa bilan shug‘ullanishni boshlagan va 18 yoshida Toshkentdagi "Ilhom" eksperimental teatri spektakliga musiqa bastalagan. Uning Abdulla Qodiriy asari asosidagi "Oppoq, oppoq, qora laylak" spektakliga bastalagan musiqasi yosh bastakorni O‘zbekiston va xorijdagi musiqashunoslarga ko‘proq tanitdi.

Azizaning o‘ziga ko‘ra, u bastalaydigan musiqa 1960-yillarda avangard, 1970-yilardan boshlab esa postmodernist deb ataladi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02